G‘azo sektori janubida joylashgan Xan-Yunus shahrida Isroil armiyasi tomonidan amalga oshirilgan havo hujumi natijasida mahalliy fuqaro Majdiy Jadallaning rafiqasi va uch nafar farzandi halok bo‘ldi. Bu haqda mahalliy manbalar xabar berdi.
Hujum Jadalla oilasi yashaydigan uyga qaratilgan bo‘lib, natijada rafiqa — Asiya Jadalla va ularning farzandlari — 5 yoshli Yahyo, 3 yoshli Muso va yaqinda tug‘ilgan Ibrohim halok bo‘ldi. Yangi tug‘ilgan Ibrohim Isroil bombardimonlari boshlanganidan keyin dunyoga kelgan va aynan shu hujumda halok bo‘ldi.
Hodisa natijasida 20 dan ortiq inson yaralangan. Halok bo‘lganlarning jasadlari Xan-Yunusdagi an-Nasr shifoxonasiga olib kelingan. Shu yerda Majdiy Jadalla ko‘z yoshlari bilan oilasi bilan vidolashdi.
«Bu bolalar edi. Ular qanday gunoh qilgan? Ular faqat o‘ynashni, kelajak haqida orzu qilishni istashgan», — dedi u yig‘lab.
Asiya Jadalla va uning uch farzandi an-Nasr shifoxonasi yonida namozdan so‘ng dafn etildi.
Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabridan buyon Isroilning G‘azoga qarshi hujumlari natijasida kamida 57 575 falastinlik halok bo‘lgan, ularning aksariyati ayollar va bolalardir. Yaralanganlar soni esa 136 879 nafarni tashkil etmoqda.