1 maydan bojsiz olib kirish chegarasi 1 000 dollargacha tushirilgandan so‘ng, Toshkent bozorlarida iPhone narxlari ko‘tarilmoqda.
1 maydan boshlab O‘zbekistonda xorijdan olib kiriladigan tovarlar uchun bojsiz chegara miqdori keskin kamaytirildi. Endi havo transporti orqali olib kelinadigan tovarlar uchun ushbu chegara 2 000 dollardan 1 000 dollargacha tushirildi. Bu qaror ayniqsa ommabop smartfonlar, xususan iPhone narxlariga ta’sir ko‘rsatdi.
Ayni paytda Toshkentdagi Malika bozorida iPhone 16 Pro Max 256 GB versiyasining narxi 1 360 dollardan 1 400 dollargacha ko‘tarildi. Bundan avval, bojsiz chegara yuqori bo‘lgan vaqtda ushbu model 1 200 dollar atrofida sotilardi.
Bozor ishtirokchilari fikriga ko‘ra, bojxona tartibining o‘zgarishi faqat rasmiy do‘konlar emas, balki erkin bozordagi sotuvchilar faoliyatiga ham ta’sir etmoqda. Yirik do‘konlar QQS va bojlarni to‘lashiga qaramay, bozordagi sotuvchilar bu to‘lovlardan qochib kelayotgandi. Endi esa yangi tartib narxlar orasidagi farqni qisqartirib qo‘ydi.
Shu bilan birga, ba’zi xaridorlar yangi tartibdan norozi. Ular mamlakatga faqat shaxsiy foydalanish yoki sovg‘a sifatida iPhone olib kirayotganini ta’kidlab, bu holat o‘zlariga salbiy ta’sir qilganini bildirishmoqda.
Yangi chegara tartibi rasman soliq tushumlarini oshirish maqsadini ko‘zlasa-da, amalda bozorda mahsulot narxlarining ko‘tarilishiga va raqobat muhitining o‘zgarishiga olib kelmoqda.