Twitter asoschisi Jek Dorsi Bluetooth orqali internetsiz ishlaydigan yangi desentralizatsiyalashgan messenjer – BitChat'ni taqdim etdi. Ushbu ilovada xabarlar to‘liq shifrlangan holda uzatiladi va server yoki internet talab qilinmaydi. Ilovani yaratish davomida Dorsi Bluetooth Mesh texnologiyasi, shifrlash usullari va ma’lumot uzatish mexanizmlarini o‘rganganini ma’lum qilgan.
BitChat'da akkaunt yaratish, elektron pochta yoki telefon raqami talab etilmaydi. Har bir xabar qurilmaning o‘zida saqlanadi va shifrlangan holda qoladi. Ilovaning eng muhim jihatlaridan biri — u markazlashmagan tarmoqda ishlaydi: ya’ni har bir foydalanuvchi qurilmasi xabarlarni qabul qilish va uzatishda retranslyator vazifasini ham bajaradi.
Ilova shaxsiy, guruhli chatlar va ommaviy kanallarni qo‘llab-quvvatlaydi. Xabarlar Bluetooth orqali 500 baytlik kichik fragmentlarga bo‘lib uzatiladi. Dorsi yaqin vaqt ichida Wi-Fi orqali ma’lumot uzatish imkoniyatini ham joriy etishni rejalashtirmoqda.
BitChat hozircha iOS tizimida TestFlight orqali sinov rejimida ishlamoqda, shuningdek, macOS uchun GitHub orqali qo‘lda o‘rnatish mumkin. Ilovaning interfeysida foydalanuvchilar nikneym tanlashi, parol orqali xususiy xonalar yaratishi va teglash orqali shaxsiy xabarlar yuborishi mumkin.
Jek Dorsiga ko‘ra, BitChat — bu senzuraga uchramaydigan, xavfsiz va erkin muloqotni ta’minlovchi messenjer bo‘lib, u faqat shaxsiy muloqot uchun emas, balki favqulodda vaziyatlar, faollar yoki hatto partizanlar uchun ham qo‘l kelishi mumkin.