Haftaning birinchi yarmida O‘zbekiston hududiga janubdan yana quruq va issiq havo kirib keladi.
"O‘zgidromet" agentligining xabar berishicha, 23-25 iyun kunlari havo harorati kunduz kunlari 38-41 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda 42-44 darajagacha ko‘tariladi.
Bu kunlarda respublika bo‘yicha asosan kam bulutli va quruq ob-havo kuzatiladi. Faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasida va Navoiy viloyati shimolida 24-25 iyun kunlari ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, 25 iyunda harorat 26-31 darajagacha pasayadi.
Payshanba kuni respublikaning barcha hududlariga haroratning pasayishi kuzatiladi. Hududning katta qismida harorat 30-35 daraja atrofida bo‘ladi.
Juma kuni harorat biroz ko‘tariladi va 33-36 darajani, ba’zi joylarda 38 darajani tashkil etadi.
Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, 25-26 iyunda ayrim joylarda 20-22 m/s gacha kuchayishi, chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
23 iyunda Farg‘ona vodiysining ayrim tog‘li hududlarida, 26 iyunda respublikaning tog‘li hududlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin.
Toshkentda: asosan kam bulutli ob-havo bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. 23-25 iyun kunlari harorat asosan kunduzi 38-41 daraja bo‘ladi, 26 iyunda 31-33 darajagacha pasayadi, 27 iyunda 34-36 daraja bo‘ladi.