AQSh prezidenti Donald Tramp dushanbadan boshlab 12 davlat fuqarolarining Qo‘shma Shtatlarga kirishini taqiqladi va yana yetti mamlakat fuqarolariga qisman cheklovlar joriy qildi.
Bu haqda Oq uy tomonidan tarqatilgan prezident deklarasiyasi matnida aytiladi.
To‘liq taqiq Afg‘oniston, Gaiti, Eron, Yaman, Liviya, Myanma, Kongo Respublikasi, Somali, Sudan, Chad, Ekvatorial Gvineya va Eritreya fuqarolariga nisbatan qo‘llaniladi. Cheklovlar 9 iyun, dushanba kuni Sharqiy vaqt bilan 00:01da kuchga kiradi.
Bundan tashqari, Burundi, Venesuela, Kuba, Laos, Serra-Leone, Togo va Turkmaniston fuqarolariga nisbatan qisman cheklovlar joriy etiladi. Cheklovlar ushbu mamlakatlarning har biri uchun ma’lum turdagi vizalar uchun qo‘llaniladi.
Hujjatda qayd etilishicha, ushbu farmon kuchga kirgunga qadar berilgan vizalar o‘z kuchida qoladi.