Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda yirik miqdordagi zargarlik buyumlarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi.
Qarshi shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda avvaldan shubha ostiga olingan shaxs tilladan tayyorlangan 1 dona uzuk va 1 juft sirg‘ani 4,7 mln so‘mga sotayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.
Tegishli lisenziya va ruxsatnomalarsiz zargarlik buyumlari savdosi bilan shug‘ullanayotgan mazkur shaxsga tegishli avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilganida esa yana 359 dona zargarlik buyumlari borligi aniqlandi.
Xorijda ishlab chiqarilgan, ammo bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan mazkur tilla taqinchoqlarning umumiy og‘irligi salkam 1,7 kilogrammni, qiymati esa dastblaki hisob-kitoblarga ko‘ra 1,5 mlrd so‘mni tashkil qilmoqda.
Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv davom etmoqda.