Bugun 31 may, 2025 yil, shanba

КИР

Yashil iqlim jamg‘armasi bilan hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi

Yashil iqlim jamg‘armasi bilan hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhaqimov va Yashil iqlim jamg‘armasi (YAIJ) ijrochi direktori Mafalda Duarte o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda M. Duarte O‘zbekiston hukumatiga samimiy qabul, shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasiga tanishuv safari tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildiradi va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda iqlim o‘zgarishiga moslashish sohasida olib borilayotgan loyiha va islohotlar muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, u barqaror qishloq xo‘jaligi, suvdan oqilona foydalanish ahamiyati va Orolbo‘yi rivojida fermerlarning muhim o‘rin tutishini qayd etdi.

O‘z navbatida, A. Abduhaqimov Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi O‘zbekistonning “yashil” tashabbuslari, jumladan, Orol dengizning qurib qolgan tubidagi 2 million gektar maydonni ko‘kalamzorlashtirish hamda respublikamizning barcha hududlarida har yili 200 million tup daraxt ko‘chatlarini ekishga mo‘ljallangan “Yashil makon” umummilliy loyihasiga e’tibor qaratdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonning “yashil” rivojlanish sohasidagi joriy loyihalari ham muhokama qilindi. YAIJning Markaziy Osiyoda mintaqaviy vakolatxonasini ochishi tashabbusi alohida qiziqish uyg‘otdi — O‘zbekistonning mezbon sifatida tanlanishi mumkin.

Tomonlar Orolbo‘yida ekoturizmni rivojlantirish, jumladan, Qoraqalpog‘istonda iqlim muzeyini tashkil etish va bioxilma-xillikni saqlash dasturlarini qo‘llab-quvvatlash loyihasini ishga tushirish g‘oyasiga alohida e’tibor qaratdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni kengaytirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini ta’kidladilar, istiqbolli tashabbuslar bo‘yicha ekspert baholari almashinuvini yo‘lga qo‘yishga kelishdilar hamda konstruktiv va samarali hamkorlikni davom ettirishga umid bildirdilar.

Kiritildi: 12:27 28.05.2025. O'qildi: 391 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!