Ijtimoiy tarmoqlarda Chinoz tumani hokimi noqonuniy talablarni bajarmagan tadbirkorlarga tegishli korxonalarni elektr tokidan uzib qo‘yayotgani to‘g‘risida tanqidiy material tarqaldi
Murojaatda keltirilgan Chinoz tumanidagi “Biryuza group” MCHJ va “Xalq banki” filiali atrofidagi vaziyat tegishli mutasaddilar ishtirokida o‘rganildi. Tuman hokimligi tomonidan joriy yil 10 fevralda “Chinoz shaharchasini obodonlashtirish, yo‘l yoqasidagi ob’ektlarni tartibga keltirish hamda noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish bo‘yicha nazorat reja”si tasdiqlangan.
Ushbu reja asosida yo‘llarni kengaytirish, piyodalar yo‘laklarini qurish, yashil hududlarni yaratish, yuqori kuchlanishli tarmoqlarni modernizasiya qilish, yoritish tizimlarini yangilash kabi muhim obodonlashtirish tadbirlari amalga oshirilmoqda. Mazkur doiradagi tadbirlar Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilayotgan oqova suv tizimini qurish va rekonstruksiya qilish bilan birgalikda olib borilmoqda. Qayd etish joizki, qurilish va rekonstruksiya jarayonida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida elektr ta’minoti vaqti-vaqti bilan o‘chirilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, “Biryuza group” MCHJ Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, soliqlarni ham ushbu hududda to‘laydi. Chinoz tumanida ushbu korxona og‘zaki kelishuv asosida ijaraga olingan talab darajasida bo‘lmagan binoda faoliyat yuritgan.
Korxonaning elektr ta’minoti obodonlashtirish ishlari doirasida rejalashtirilgan ta’mirlash sababli vaqtincha to‘xtatilgan. Bu boshqa tadbirkorlik sub’ektlariga ham ta’sir qilgan.
Murojaatdagi “Xalq banki” filialining elektr ta’minoti ham ta’mirlash ishlari sababli vaqtincha to‘xtatilgan. O‘rganishlar davomida filial tomonidan “Paynet” shoxobchasiga elektr ta’minoti noqonuniy ravishda ulangani aniqlandi. Elektr ta’minoti 8 may kuni ertalab soat 09:00da qayta tiklangan.