NATO bosh kotibi Mark Ryutte Istanbuldagi muzokara jarayonini muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun zarur sharoitlar mavjudligini ta’kidladi: “Sizda tashqi ishlar vaziri, prezident kabi siyosatchilar bor – ular muzokaralarni muvaffaqiyatli yakunlashga yordam beradi. Shu sababli, bu yerda Turkiyaning roli muhim.”
AQSh prezidenti Donald Tramp esa Istanbuldagi uchrashuvda tomonlar 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish borasida kelishuvga erisha olishiga umid bildirdi: “15-may, payshanba kuni Turkiyada o‘tkaziladigan uchrashuvni e’tiborsiz qoldirmaslik kerak. Prezident Erdo‘g‘an ajoyib mezbon bo‘ladi.”
Rossiya va Ukraina hali 2022-yilning mart oyida Turkiyani muzokaralar uchun maydon sifatida tanlagan edi. O‘shanda urush boshlanganidan beri ilk shaxsiy uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Bu uchrashuv natijasida Turkiya vositachiligida “Qora dengiz don tashabbusi” kelishuvi imzolangan. Shu orqali Moskva va Kiyev o‘rtasida ilk murosaga erishilgan, bug‘doy narxlari urushdan oldingi darajaga tushgan va global ocharchilik xavfi bartaraf etilgan edi.
2022-yilning kuzida Rossiya va Ukraina yana bir bor 200 dan ortiq harbiy asirlar bilan almashdi – bu ham Turkiya diplomatik sa’y-harakatlari natijasida amalga oshdi. 22-sentyabrga o‘tar kechasi Ukraina 215 nafar harbiyni, jumladan “Azovstal” himoyachilarini qaytarib oldi, Rossiya esa 55 nafar harbiy hamda siyosatchi Viktor Medvedchukni oldi.
2025-yil boshidan beri AQSh bosimi ostida Rossiya-Ukraina muzokaralari jonlandi, ammo hozirgacha ular bilvosita shaklda, ya’ni delegasiyalar alohida holda AQSh vakillari bilan uchrashib kelgan. Istanbuldagi uchrashuv – oxirgi uch yilda ilk to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikki tomonlama dialog bo‘ladi.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an eslatishicha, 2022-yilning martida Moskva va Kiyev murosaga juda yaqin bo‘lgan, ammo harbiy “baronlar” aralashuvi tufayli bu urinishlar muvaffaqiyasiz tugagan:
“Bugungi sa’y-harakatlar natijasida yangi imkoniyat oynasi ochildi. Bu safar tinchlikka erishish imkoniyatini boy bermaymiz degan umiddamiz va bunga ishonamiz,” – dedi u.
Rossiya delegasiyasi 15-may tongida Istanbuldagi Otaturk ayeroportiga yetib keldi. Prezident Vladimir Putin muzokarachilar tarkibini uchrashuv arafasida tasdiqladi. Delegasiyaga 2022-yildagi kabi prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy boshchilik qilmoqda. Boshqa a’zolar: Tashqi ishlar vazirligi rahbari o‘rinbosari Mixail Galuzin, Bosh shtab o‘rinbosari Igor Kostyukov va Mudofaa vaziri o‘rinbosari Aleksandr Fomin.
Medinskiy Telegram’da: “Putin tomonidan taklif qilingan bevosita muzokaralar maqsadi – mojaroning tub sabablarini bartaraf etgan holda, uzoq muddatli va barqaror tinchlik o‘rnatishdir”, – deb yozdi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa shaxsan o‘zi Turkiyaga keldi va Anqaraga yetib bordi. U uchrashuv Turkiya prezidenti Erdo‘g‘an va kengaytirilgan turk delegasiyasi bilan boshlanishini aytdi.
“Biz amerikalik hamkorlar bilan aloqa qilmoqdamiz, ular ham, deb o‘ylayman, Turkiyada yuqori darajada qatnashadi. Rossiya delegasiyasi darajasi qanday bo‘lishini ko‘ramiz,” – dedi Zelenskiy.
U shuningdek, Ukraina delegasiyasi ham yuqori darajada ishtirok etishini ta’kidladi: “Tashqi ishlar vazirligi, prezident administrasiyasi, harbiylar, razvedkalarimiz – hammasi bu yerda bo‘ladi, adolatli tinchlikka erishish uchun kerakli qarorlarni qabul qilishga tayyormiz.”
Ukraina tomoni delegasiyasiga quyidagilar kirgan: prezident ofisi rahbari Andrey Yermak, mudofaa vaziri Rustem Umerov, tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga va prezident maslahatchisi Igor Jovkva.
AQSh – muzokaralarda ishtirok etadigan vakillarni oldindan e’lon qilgan yagona davlat. 13-may kuni AQSh prezidenti Donald Tramp davlat kotibi Marko Rubioni Istanbulga yuborishini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, AQSh prezidentining maxsus elchilari Stiv Uitkoff va Kit Kellog ham juma kuni Turkiyaga yo‘l olishi rejalashtirilgan.
Muzokaralardan nima kutish mumkin?
Siyosatshunos Denis Denisov TRT Rossiya xizmatiga bergan intervyusida Rossiya delegasiyasining tarkibi bejiz tanlanmaganini ta’kidladi:
“Rossiya bu muzokaralarni 2022-yil mart oyida boshlangan tinchlik jarayonining mantiqiy davomi deb biladi. Ehtimol, Moskva avvalgi kelishuvga qaytishni va uni yangi sharoitlarga moslashtirishni taklif qiladi.”
Delegasiyaga bir necha harbiylarning kiritilgani esa xavfsizlik masalasi muzokaralarda muhim o‘rin egallashini ko‘rsatadi.
“30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatishni e’lon qilish – bu bir narsa, ammo uni amalda bajarish – butunlay boshqa masala. Buning uchun ko‘plab texnik parametrlar kelishib olinishi zarur,” – dedi Denisov.
Unga ko‘ra, harbiylar asosan qurollarni chetga olish, ularning turlari va masofalari bo‘yicha masalalarni ko‘rib chiqadi.
“Og‘ir qurollar, avtomatlar, minomyotlar, tanklar – aynan qaysi texnika haqida gap ketayotgani aniq bo‘lishi kerak. Shuningdek, bu texnika qayerdan chetga olinadi – bu ham muhim,” – deydi u.
Muzokaralarning o‘ziniyoq muvaffaqiyat deb atash mumkin, deydi siyosatshunos:
“Bu allaqachon natija hisoblanadi. Bir necha kun ichida barcha hujjatlar tayyor bo‘ladi, deyishga hali erta. Ammo xavfsizlik masalalarida jiddiy siljish bo‘lishi mumkin. Rossiya delegasiyasi safida bu borada yo‘l xaritasi ishlab chiqishga qodir mutaxassislar bor.”