Rossiyaga ishlash uchun borayotgan Markaziy Osiyo mamlakatlari mehnat migrantlari soni sezilarli darajada kamaydi. Bunga asosiy sabab sifatida Rossiyada migrasiya siyosatining keskin kuchaytirilgani ko‘rsatilmoqda. Bu holat, “Nezavisimaya gazeta” yozishicha, migrantlar oqimi yanada qisqarishiga olib kelishi mumkin.
Bunday vaziyat Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikistonda xavotir uyg‘otmoqda. Chunki bu mamlakatlarda mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalari yalpi ichki mahsulotning (YAIM) muhim qismini tashkil etadi.
Shunga qaramay, migrantlar soni kamaygan bo‘lsa-da, Markaziy Osiyo davlatlariga yuborilayotgan pul o‘tkazmalari barqarorligicha qolmoqda, hattoki o‘sish ham kuzatilmoqda. Xalqaro migrasiya tashkiloti va Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda Tojikistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari 5,8 milliard dollarni tashkil etib, 2023-yilga nisbatan 27 foizga oshgan.
Tojikistonlik migrantlar uchun asosiy yo‘nalish hamon Rossiya bo‘lib qolmoqda. Biroq, XMT ma’lumotlariga ko‘ra, pul o‘tkazmalari Qozog‘iston, Janubiy Koreya, AQSh va boshqa bir qator mamlakatlardan ham kelmoqda.
Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2024-yil avgust holatiga ko‘ra, mamlakatda 1,2 milliondan ortiq tojikistonlik migrant yashagan. Taqqoslash uchun: 2024-yilda Janubiy Koreyada rasmiy ish bilan ta’minlangan tojik fuqarolari soni 6339 kishini tashkil etdi, bu 2023-yilga nisbatan qariyb 40 foizga ko‘p.
Rossiyada migrasiya qonunlarining qat’iylashuvi tufayli Markaziy Osiyo fuqarolari tobora ko‘proq Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Fors ko‘rfazi davlatlari va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida ish izlay boshlashmoqda.
Migrasiya masalalari bo‘yicha ekspert Asilbek Egemberdiyevning fikricha, Rossiyaning Markaziy Osiyodan kelayotgan noqonuniy migrantlarga qarshi kurashi samarasiz bo‘lib, hamkorlikdagi munosabatlarni buzadi va Rossiyaning mintaqadagi ta’sirini susaytiradi.
"Amaldagi migrasiya siyosati barcha tomonlarga zarar yetkazmoqda. Chet ellik ishchilarni qonuniylashtirish bo‘yicha aniq qoidalarning yo‘qligi migrantlarni boshi berk ko‘chaga olib kirmoqda", — dedi u “Nezavisimaya gazeta”ga bergan intervyusida.
Egemberdiyev muammoning yagona madaniy va huquqiy yechimi sifatida "mehnat vizasi" joriy etilishini taklif qiladi. Bu orqali migrantlar huquqlari, yashash muddati, ish beruvchining javobgarligi va ijtimoiy me’yorlarga rioya qilish kabi jihatlar qonuniy asosda tartibga solinadi.
Unga ko‘ra, 6 oydan 2 yilgacha amal qiladigan, uzaytirish imkoniyati bo‘lgan mehnat vizasi ko‘plab muammolarni bartaraf etadi. Bu Markaziy Osiyo mamlakatlarida qarshilik uyg‘otishi mumkin bo‘lsa-da, u madaniyatli va barqaror migrasiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun zarur qadamdir.
"Rossiya prezidenti tomonidan chet ellik fuqarolarni chiqarib yuborish tartibi haqidagi farmon Markaziy Osiyodan kelgan o‘n minglab migrantlarning deportasiya xavfini kuchaytirmoqda. Rossiyada hozirda 70 mingga yaqin noqonuniy qirg‘iz, 200 mingga yaqin tojikistonlik va 500 mingdan ortiq o‘zbekistonlik migrant bor. Vaziyatni yanada murakkablashtirayotgan holat shundaki, Qirg‘izistonda 100 mingdan ortiq fuqarolar xorijga chiqolmayapti. Bu esa Rossiyadagi 70 ming noqonuniy migrant bilan birga Bishkek uchun jiddiy muammoga aylanmoqda", — deya xulosa qildi Egemberdiyev.