2025 yilning 7-8 may kunlari Istanbul shahrida Turkiyaning «Marmara grup» strategik va ijtimoiy tadqiqotlar fondi tomonidan 28-Evroosiyo iqtisodiy sammiti o‘tkazildi. Unda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov boshchiligidagi O‘zbekiston delegasiyasi ishtirok etdi.
Mamlakatimiz delegasiyasi tarkibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Ravshan Fazilov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari Baxtiyor Mustafoyev faol qatnashdi.
Bu yil «Ko‘proq insonparvarlikka asoslangan dunyo — yashashga arzigulik dunyo uchun muloqot» shiori ostida bo‘lib o‘tgan xalqaro sammitda 50 ga yaqin mamlakatdan 300 dan ortiq siyosatchilar, diplomatlar, olimlar, din arboblari, ishbilarmonlar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, akademik doira va tahlil markazlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning tantanali ochilish qismida Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev tadbir ishtirokchilariga yo‘llagan tabrik maktublari orqali sammit ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Xalqaro tadbirning «Ekologiya, iqtisodiyot, energetika, sun’iy intellekt va sog‘lom turmush» mavzusida bo‘lib o‘tgan sessiyasida Markaz rahbari Eldor Tulyakov O‘zbekistonning iqtisodiy va investisiya salohiyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda ushbu yo‘nalishda belgilangan maqsadlarga bag‘ishlangan ma’ruza bilan chiqish qildi.
E.Tulyakov o‘z nutqida mamlakatimizning savdo, investisiyalar va innovasiyalar bo‘yicha faol mintaqaviy markaz sifatidagi o‘rni hamda serqirra investision muhitini namoyish etish orqali mintaqa va jahon miqyosida kengayib borayotgan roliga alohida e’tibor qaratdi.
«O‘tgan yetti yil davomida O‘zbekiston qat’iy va keng qamrovli islohotlar yo‘lidan borar ekan, mamlakatimiz ochiq, bozor iqtisodiyotiga asoslangan tizimga o‘tdi. Bu jarayonida shaffoflik, samaradorlik va kelajakka qaratilgan boshqaruv tamoyillariga sodiq qolindi.
O‘zbekiston shunchaki ochilayotgani yo‘q — u Markaziy Osiyoning yangi iqtisodiy markaziga aylanmoqda.
Asosiy qismini yoshlar tashkil etuvchi 37,6 million aholisi va Yevropa, Osiyo hamda Yaqin Sharq chorrahasidagi strategik joylashuvi tufayli O‘zbekiston nafaqat keng mintaqa, balki undan tashqarida ham kelajakka yo‘naltirilgan ishonchli hamkor sifatida beqiyos imkoniyatlarga ega», — dedi E.Tulyakov.
Sammitda ishtirok etgan xalqaro tashkilotlar va tahlil markazlari o‘rtasida yangi hamkorlik qirralarini rivojlantirishga qaratilgan hamda dolzarb mavzularga bag‘ishlangan sessiyalar, shuningdek, o‘zaro manfaatli, amaliy natijalarga boy qator uchrashuvlar va muloqotlar bo‘lib o‘tdi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati