Bloomberg Billionaires Index ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning eng boy odamlarining boyligi 2025 yilning birinchi choragida deyarli $15 mlrdga oshib, $305 mlrdga yetgan.
Rossiyalik milliarderlar orasida daromadning eng katta o‘sishini Alisher Usmonov ko‘rsatdi. USM xoldingi asoschisi $3,64 mlrdga boyidi. Hozir uning kapitali $16,9 mlrdni tashkil etadi.
Bunday miqdordagi aktivlari bilan Usmonov sayyoraning eng boy odamlari reytingida 129-o‘rinni egallab turibdi.
O‘sish bo‘yicha ikkinchi o‘rinda Yevroxim va SUEK kompaniyalari hammuassisi Andrey Melnichenko turibdi. Uning kapitali $2,52 mlrdga oshib, $22,7 mlrdga yetdi va 88-o‘ringa chiqqan.
Dog‘istonlik senator Sulaymon Karimov esa $2,45 mlrd foyda ko‘rgan va hozirda 311-o‘rinda turibdi. Rossiyadagi eng boy milliarder — Nornikel’ning eng yirik aksioneri va Interros xoldingi prezidenti Vladimir Potanin ham $2,2 mlrdga boyib, 57-o‘ringa ko‘tarilgan.
NKMK direktorlar kengashi raisi Vladimir Lisin esa, aksincha, rossiyalik milliarderlar orasida eng ko‘p zarar ko‘rdi. Yil boshida u $2,3 mlrd yo‘qotdi. Hozirda uning kapitali $23,5 mlrdga teng.
Ro‘yxatga dunyodagi eng boy 500 kishi kiritilgan. Reytingning birinchi o‘ntaligidagi barcha vakillar, bir kishi mustasno, AQSh fuqarolaridir. Fransiyalik Bernar Arno yettinchi o‘rinni egallagan.
Global reytingda yetakchilik $332 mlrd (- $1,17 mlrd) boyligi bilan amerikalik milliarder Ilon Maskga tegishli. Kuchli uchlikdan $212 mlrd (+ $5,31 mlrd) bilan Jeff Bezos va $203 mlrd (+ $7,96 mlrd) boylik bilan Mark Sukerberg joy oldi.