"Donald Tramp ma’muriyati mudofaa sohasiga 1,01 trillion dollar ajratishni taklif qilmoqda, bu tarixdagi eng katta ko‘rsatkich bo‘lib, joriy yildagidan 13 foiz ko‘p. Loyihada “Oltin gumbaz” havo hujumidan mudofaa tizimi, harbiy kemalar qurilishi, yadroviy qurollarni modernizasiya qilish va harbiylar maoshini 3,8 foizga oshirish nazarda tutilgan", deya xabar bermoqda agentlik.
Bloomberg'ning yozishicha, mudofaa xarajatlarining bu qadar oshirilishi 1980-yillarda prezident Ronald Reygan davridagi ko‘rsatkichlarga yaqin. Ichki xavfsizlik xarajatlari esa 65 foizga oshiriladi.
Prezident Tramp yangi byudjet loyihasida fuqarolik sohalari uchun sarflarni 22,6 foizga qisqartirishni taklif qilmoqda. Bu qisqartishlar, masalan, qayta tiklanuvchi energiya, atrof-muhit muhofazasi, irqiy tengsizlikka qarshi kurash sohalariga ta’sir qiladi.
Shuningdek, Qo‘shma Shtatlarning xalqaro yordam dasturlari, ayrim ilmiy va ta’limiy loyihalar jiddiy qisqartiriladi yoki ba’zilarining moliyalashtirilishi butunlay bekor qilinadi. NASA'ning Oy dasturi ham qayta ko‘rib chiqiladi va uning o‘rniga muqobil tijoriy loyihalarga ustuvorlik beriladi.
Ma’lumot uchun, Qo‘shma Shtatlarda yangi moliyaviy yil 1 oktyabrda boshlanadi.