AQSh prezidenti Donald Trampning davlat rahbari sifatidagi dastlabki 100 kuni yakunlariga ko‘ra, amerikaliklarning 55 foizi uning faoliyatini salbiy baholagan, faqatgina 39 foizi uning harakatlarini qo‘llab-quvvatlagan. Bu Ipsos, ABC News telekanali va The Washington Post gazetasi tomonidan 2464 nafar amerikalik saylovchi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalarida qayd etildi.
"Aksariyat amerikaliklar prezident o‘z vakolatlarini kengaytirishga harakat qilib, davlat xizmatchilarini ishdan bo‘shatishi, federal agentliklarni yopishi va siyosiy raqiblarga qarshi choralar ko‘rishi orqali “chegaradan oshib ketmoqda”, deb hisoblaydi", — deya izoh berdi The Washington Post.
Co‘rovnoma qatnashchilarining 67 foizi Trampning yaqinda fond bozorida pasayishga olib kelgan harakatlaridan norozi bo‘lgan, 64 foizi xorijiy davlatlar mahsulotlariga bojlar joriy etilishini qo‘llab-quvvatlamagan va 61 foizi Qo‘shma Shtatlarning tashqi siyosatiga tanqidiy munosabat bildirgan. 40 foizdan ortiq odam shaxsiy moliyaviy ahvolining yomonlashganini ta’kidlagan.
Tramp esa Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida so‘rovnoma natijalaridan noroziligini bildirdi.
"Bizning mamlakatimizda endi erkin va adolatli matbuot yo‘q. Bizda yomon maqolalar yozayotgan va so‘rovnomalarni ommaviy ravishda soxtalashtirayotgan matbuot bor", — deb yozdi prezident.