Bugun 30 aprel, 2025 yil, chorshanba

КИР

O‘zbekiston Prezidenti "INNOPROM" xalqaro ko‘rgazmasini borib ko‘rdi

O‘zbekiston Prezidenti "INNOPROM" xalqaro ko‘rgazmasini borib ko‘rdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 aprel kuni Toshkent shahrida ish boshlagan "INNOPROM. Markaziy Osiyo" beshinchi xalqaro sanoat ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi.

Ko‘rgazma “Central Asian Expo Uzbekistan” majmuasida o‘tkazilmoqda. Ekspozisiyaning umumiy maydoni 18 ming kvadrat metrdan ziyod. Unda Rossiya, Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlar, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlardan 10 mingdan ortiq delegatlar ishtirok etmoqda.

Ko‘rgazmada mashinasozlik, elektrotexnika, metallurgiya, kimyo sanoati, transport, qurilish, IT va boshqa tarmoqlardagi yetakchi korxonalarning texnologik yechimlari, zamonaviy uskunalari va tayyor sanoat mahsulotlari namoyish etilmoqda.

Pavilyonlar va ekspozisiyalarni ko‘zdan kechirish chog‘ida davlatimiz rahbari iqtisodiy kooperasiya uchun katta salohiyat va yangi biznes g‘oyalar ishlab chiqish uchun yaxshi imkoniyatlar mavjudligini alohida ta’kidladi.

Forum yangi yirik loyihalarni ilgari surishga sur’at bag‘ishlashi, uzoq muddatli sheriklik aloqalarini rivojlantirish va hududlararo hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston Prezidenti Rossiya Hukumati Raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov boshchiligidagi delegasiya bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Rossiya delegasiyasi rahbari Prezidentimizga Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘tgan yil may oyida Rossiya Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi yakunida erishilgan kelishuv va bitimlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tovar ayirboshlashning o‘sish sur’ati saqlanib qolmoqda, ikki mamlakat hududlarini faol jalb etgan holda muhim kooperasiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, kooperasiya loyihalari va dasturlarini ilgari surish, shu jumladan "Innoprom" forumi doirasida o‘zaro muvofiqlashgan yechimlarni ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.

Tatariston Raisi Rustam Minnixanov bilan uchrashuvda yetakchi korxonalarning sanoat kooperasiyasini va faol gumanitar almashinuvni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Jadal muloqotlarni davom ettirish, neft-gaz, kimyo, transport, turizm va boshqa sohalarda, shu jumladan O‘zbekiston hududlaridagi sanoat zonalari doirasida qo‘shma loyihalarni ilgari surishga kelishib olindi.

"Rosatom" davlat korporasiyasi bosh direktori Aleksey Lixachev bilan suhbatda tinch atom sohasidagi hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani qayd etildi.

Qishloq xo‘jaligi va tibbiyotda yadro texnologiyalarini qo‘llash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Toshkent shahridagi “MIFI” filiali negizida kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari davra suhbatida ishtirok etdi. Unda ikki mamlakat hududlari va yetakchi kompaniyalari rahbarlari kooperasiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalarni taqdimot qildilar.

Kiritildi: 17:26 28.04.2025. O'qildi: 724 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!