Ukraina va Yevropa davlatlarining xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari seshanba kuni kechqurun Mayamida kelishilgan tinchlik rejasi loyihasini AQShga taqdim etishni yakunlaydi.
Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy jurnalistlarga ma’lum qildi.
"Evropaliklar va Ukrainaning xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari Rustem Umerov olib kelgan rejaning so‘nggi versiyasi ustida ishlaydi. Menimcha, reja ertaga yoki bugun kechqurun tayyor bo‘ladi. Biz uni qayta ko‘rib chiqamiz va AQShga jo‘natamiz", dedi u.
Avvalroq Zelenskiy urushni tugatish rejasi 20 bandga qisqartirilgani, Ukraina manfaatlariga zid bo‘lgan bandlar olib tashlanganini, biroq hududiy masalalarda hali murosaga erishilmaganini ta’kidlagan edi.
"28 band bor edi, hozir esa 20 ta. Bu sohani qayta tartibga keltirdik va Ukrainani ochiqdan-ochiq qo‘llab-quvvatlamaydigan fikrlar olib tashlandi. Amerika kayfiyati, odatda, murosa topish tarafdori. Albatta, hudud bilan bog‘liq murakkab masalalar bor. U yerda hali murosaga erishilgani yo‘q", - dedi u.