Ukraina Rossiyaning energetika va fuqarolik infratuzilmasiga qarshi havo hujumlarini kengaytirish rejalariga javoban Rossiya hududidagi neftni qayta ishlash korxonalariga zarbalarni kuchaytirmoqchi. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Reuters agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Kiyev Rossiyaning qish mavsumi arafasida Ukraina hududidagi ob’ektlarga hujumlar ko‘lamini oshirish niyatidan dalolat beruvchi hujjatlarni qo‘lga kiritgan.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, Rossiya rahbariyati tomonidan tasdiqlangan yangi yondashuv doirasida avvalgidan ko‘ra kengroq turdagi ob’ektlar nishonga olinishi mumkin.
Ukraina tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya infratuzilma va logistika ob’ektlari, avtomobil yo‘llari, shuningdek, maktab va shifoxonalarga zarbalar berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Ukraina prezidenti bu harakatlarni Rossiya armiyasining frontdagi qiyinchiliklari va yo‘qotishlar ortib borayotgan bir paytda kuch namoyish etishga urinish sifatida baholadi.
Zelenskiy Kiyev Rossiyaning energetika ob’ektlariga hujumlariga xuddi shu sohadagi nishonlarga zarba berish orqali javob qaytarishini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi navbatda Rossiyaning urush xarajatlarini moliyalashtirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan neftni qayta ishlash korxonalari nishonga olinishi mumkin.
Shu bilan birga, Ukraina rahbari Kiyev fuqarolik ob’ektlarini ataylab nishonga olmasligini ta’kidladi.
Zelenskiyning qo‘shimcha qilishicha, hozircha Rossiya tomonidan tinchlik muzokaralarini boshlash yoki tomonlarning energetika infratuzilmasiga zarbalarni o‘zaro to‘xtatishga tayyorligini ko‘rsatuvchi signallar bo‘lmagan.