Rossiya rasmiylari ma’lum qilishicha, Ukraina bir kechada Rossiya hududiga 400 dan ortiq dron uchirgan. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaga qarshi uzoq masofali zarbalarni yanada kuchaytirishini aytgan bir paytda xabar berildi.
Rossiya Mudofaa vazirligiga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa tizimlari bir kechada 452 ta Ukraina dronini yo‘q qilgan. Vazirlik ma’lumotida aytilishicha, dronlar Rossiyaning 16 ta hududi, jumladan Moskva shahri, bosib olingan Qrim, shuningdek Azov va Qora dengizlari ustida ushlab qolingan.
Moskva shahar meri Sergey Sobyaninning ma’lum qilishicha, poytaxt tomon yo‘nalgan kamida 43 ta dron havoda yo‘q qilingan.
Hujumlar sababli Rossiyaning Sochi, Krasnodar, Kaluga, Saratov, Penza, Nijniy Novgorod, Yaroslavl va Cheboksari aeroportlarida vaqtinchalik parvoz cheklovlari joriy etildi. Shuningdek, Moskvaning Vnukovo, Sheremetyevo, Domodedovo va Jukovskiy xalqaro aeroportlari faoliyati ham vaqtincha cheklandi.
Zelenskiy ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatida Ukrainaning Rossiya ichkarisiga berilayotgan uzoq masofali zarbalari ko‘lami va intensivligi yanada oshirilishini ta’kidladi.
«Bizning chuqur zarbalarimiz Moskva va Sankt-Peterburgga yetib bormagan paytda Putin urushni Kremldan uzoqda deb o‘ylardi. Moskvada nima bo‘layotganini his qilgach, u vaziyatning haqiqiy mohiyatini anglay boshlaydi», — dedi Ukraina prezidenti.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya rahbariyati va elitasi o‘z xavfsizligi uchun tahdidni his qilgandagina urushni to‘xtatish ehtimoli ortadi.
Shu bilan birga, Ukraina Harbiy-havo kuchlari Rossiya ham navbatdagi ommaviy hujumni amalga oshirganini ma’lum qildi. Kiyev ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya bir kechada 123 ta dron uchirgan, ularning 108 tasi yo‘q qilingan yoki radioelektron kurash vositalari orqali zararsizlantirilgan. Yana 12 ta dron Ukrainadagi 10 ta ob’ektga zarba bergan.
Ukraina rasmiylarining bildirishicha, bu hujumlardan avval Rossiyaning Kiyev va uning atrofidagi hududlarga uyushtirgan raketa va dron zarbalari oqibatida kamida 22 kishi halok bo‘lgan.