Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning aytishicha, 21 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Rossiya Davlat dumasi saylovlaridan so‘ng Rossiya hukumati oktyabr oyi boshida safarbarlik tadbirlarini kuchaytirishi va armiyaga 300 mingdan 500 ming nafargacha odamni jalb qilishga urinishi mumkin.
Sky News telekanaliga bergan intervyusida Zelenskiy Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga tayanib, Rossiya prezidenti Vladimir Putin «urushni to‘xtatishga tayyor emasligi» va armiyaga yangi harbiylarni jalb qilishni kengaytirishga tayyorlanayotganini bildirdi. Uning fikricha, Kreml Rossiya jamiyatida ommabop bo‘lmagani sababli keng ko‘lamli safarbarlikni rasman e’lon qilishdan qochishga harakat qiladi.
«U safarbarlikni kuchaytirmoqchi. Buni ochiqchasiga qilmaydi, chunki o‘z jamiyatidan qo‘rqadi. Ammo agar biz uning logistikasi, qurol-yarog‘i, benzin va dizel ta’minotiga muammo yaratmasak va hamkorlarimiz to‘liq sanksiyalar joriy qilmasa, buni oktyabr boshida amalga oshiradi», — dedi Zelenskiy.
Uning baholashicha, qo‘shimcha ravishda 300–500 ming nafar kishining chaqirilishi jiddiy muammoga aylanishi mumkin. Shu bilan birga, Ukraina Rossiya armiyasi bunday miqdordagi harbiylarni qisqa vaqt ichida tayyorlay olmaydi, deb hisoblamoqda.
Zelenskiyning taxmin qilishicha, yangi jalb qilinganlarning katta qismi qisqartirilgan tayyorgarlikdan so‘ng frontga yuborilishi mumkin, bu esa yo‘qotishlar oshishiga olib keladi.
Intervyu davomida Zelenskiy Patriot majmualari uchun PAC-2 va PAC-3 turidagi raketalar yetishmayotganini ham ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, bu raketalar mudofaa maqsadida qo‘llanadi va Rossiyaning ballistik raketalaridan himoyalanish uchun zarur.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev Yevropa mamlakatlaridan AQShda ishlab chiqarilgan ushbu raketalarni sotib olish uchun mablag‘ topgan, ammo mavjud zaxiralar yetarli emas. U bu tanqislikka havo mudofaa tizimlariga talabning yuqoriligi, jumladan Yaqin Sharqdagi vaziyat ham sabab bo‘lganini ta’kidladi.
Shuningdek, Zelenskiy sanksiyalar Rossiyaning ballistik raketa ishlab chiqarishini to‘xtata olmaganini aytdi. Uning fikricha, Ukrainada dronlarga qarshi kurashish vositalari yetarli, ammo ballistik nishonlarni to‘liq tutib qolish uchun imkoniyatlar cheklangan.
Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainaga Patriot raketalarini ishlab chiqarish lisenziyalarini berishni ma’qullaganini bildirdi. Biroq u bu qaror yuzlab tutib qoluvchi raketalar tez orada ishlab chiqariladi degani emasligini, ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun vaqt va qo‘shimcha ishlab chiqarish quvvatlari talab etilishini qayd etdi.
Ukraina, shuningdek, umumevropa raketaga qarshi mudofaa tizimini yaratish va Buyuk Britaniya bilan qurol-yarog‘larni qo‘shma ishlab chiqarishni taklif qilmoqda. Istiqbolli yo‘nalishlar sifatida dronlar, dengiz dronlari va Britaniyaning Storm Shadow raketa tizimiga o‘xshash raketalarni ishlab chiqarish tilga olindi.
Ukraina prezidentining ta’kidlashicha, Eron va Shimoliy Koreya (KXDR) amalda Rossiya tomonida urushda ishtirok etmoqda.
Uning aytishicha, Tehron Moskvaga Shahed rusumidagi dronlar, ularni ishlab chiqarish texnologiyalari va lisenziyalarini taqdim etgan. Zelenskiy minglab zarba beruvchi dronlarni yetkazib berishni Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etish bilan teng deb baholadi.
Shu bilan birga, u Kiyev yangi frontlar ochilishidan manfaatdor emasligini, ammo Eron va KXDR tomonidan Rossiyaga ko‘rsatilayotgan yordam yanada kuchayishi ehtimolini hisobga olishga majburligini bildirdi.