" Bu bizning hududimiz, Ukraina xalqi hududi. Bu yerda gaplashadigan hech narsa yo‘q - bu bizning Konstitusiyamizdan tashqari ", dedi Zelenskiy Londonda AQSh va Yevropa Ittifoqi vakillari bilan muzokaralar boshlanishidan oldin o‘tkazilgan brifingda.
Uning ta’kidlashicha, Qrim va boshqa bosib olingan hududlar haqidagi har qanday gap faqat urushni uzaytiradi.
Avvalroq The Washington Post gazetasi 23 aprel kuni Londonda bo‘lib o‘tadigan muzokaralar chog‘ida Ukraina delegasiyasiga AQShning Qrim ustidan Rossiya nazoratini tan olish va front chizig‘ini muzlatish taklifi taqdim etilishi mumkinligi haqida xabar bergan edi. Bloomberg va The Wall Street Journal ham xuddi shunday tashabbuslar haqida yozgan.
Zelenskiy, shuningdek, Zaporijjya AES ustidan nazorat AQShga o‘tishi mumkinligi haqidagi xabarlarga ham izoh berdi. Unga ko‘ra, stansiya Ukraina nazorati ostida qolishi kerak.
" Agar biz AQSh bilan birgalikda atom elektr stansiyalarini qayta tiklasak, elektr energiyasidan pul ishlash oddiy voqea. Ammo AQSh stansiyani Ukrainasiz boshqara olmaydi ", dedi u.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Londondagi muzokaralarda Ukraina, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va AQSh vakillari ishtirok etadi.
Ukraina tomonidan yig‘ilishda prezident devoni rahbari Andrey Yermak, mudofaa vaziri Rustem Umerov, tashqi ishlar vazirligi rahbari Andrey Sibixa va prezident devoni rahbari o‘rinbosari Pavlo Palisa ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi kelishuv tezroq yakunlanishiga umid bildirgan edi.