Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy agar aholiga tinchlik olib kelishning yagona sxemasi Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar stoliga o‘tirish bo‘lsa, bunga tayyorligini aytdi. Bu haqda “Ukrainskaya pravda” xabar berdi.
“Agar bu ukrainaliklar uchun tinchlikka erishishimiz va odamlarni yo‘qotmasligimiz mumkin bo‘lgan yagona konfigurasiya bo‘lsa, albatta, biz bunga boramiz”, dedi Zelenskiy britaniyalik jurnalist Pirs Morganga bergan intervyusida.
Zelenskiy bu vaziyatda uning Kreml rahbariga shaxsiy munosabati ahamiyatga ega emasligini ta’kidladi:
“Men uni dushman deb hisoblayman. To‘g‘risini aytsam, u ham meni dushman deb bilsa kerak, deb o‘ylayman”, dedi Ukraina prezidenti.
Shuningdek, u hozirgi kunda Ukraina barcha hududlarni qaytarib ololmasligini va “erishish ehtimoli bo‘lmagan natija uchun millionlab odamlarni yo‘qotishi mumkin emasligini” ta’kidladi.
Zelenskiy “vatan uchun jonini fido qilganlarga bergan qasamyodini buza olmasligi”ni aytdi. Siyosatchi Konstitusiyani buzish va bosib olingan hududlarni Rossiyaga tegishli deb tan olish mumkin emasligini qayd etdi.
Ukraina prezidenti jangovar harakatlar davom etayotgan paytda mamlakatda saylovlar o‘tkazish imkoniyatini yana bir bor inkor etdi.
Mamlakatda navbatdagi prezidentlik saylovi 2024 yil 31 mart kuni o‘tkazilishi kerak edi. Ukrainadagi harbiy holat tufayli ular o‘tkazilmadi. Mamlakat Konstitusiyasi harbiy holat paytida prezidentlik saylovlarini o‘tkazishni to‘g‘ridan to‘g‘ri taqiqlamaydi. Biroq bunday taqiq “Harbiy holatning huquqiy rejimi to‘g‘risida”gi qonun darajasida belgilangan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin bir necha bor muzokaralar “qonuniyligini yo‘qotgan” Ukraina davlat rahbari bilan o‘tkazilmasligini da’vo qilgandi. Chunki Putinning fikricha, Vladimir Zelenskiy “noqonuniyligi tufayli hech narsa imzolashga haqli emas”.