Saudiya Arabistonining «Al-Nasr» klubi futbolchisi Krishtianu Ronaldu «Real»ga qaytishini istisno qilmadi. Bu haqda Ronalduning ispaniyalik jurnalist Eduardo Agirrega bergan intervyusiga tayanib, Sport24 xabar berdi.
“Balki faoliyatim tugaganidan keyin nimadir yuz berishi mumkin. Men "Real Madrid"da futbol borasida eng yaxshi vaqtlarni o‘tkazdim», dedi Ronaldu.
Ronaldu 2009 yildan 2018 yilgacha «Real»da o‘ynagan. Jamoa bilan birga ikki marta Ispaniya chempionligini qo‘lga kiritdi, ikki marta mamlakat kubogi sohibiga aylandi, shuningdek, to‘rt marta Chempionlar ligasida g‘olib chiqdi.
Ronaldu oilasi bilan Saudiya Arabistoniga ko‘chib o‘tdi va 2023 yilning yanvaridan buyon «Al-Nasr» hujumchisi hisoblanadi. Futbolchining jamoa bilan amaldagi shartnomasi 2024/25 yilgi mavsum oxirigacha amal qiladi. Ommaviy axborot vositalarida tomonlar mehnat shartnomasini uzaytirish bo‘yicha kelishib olgani haqida allaqachon xabar berilgan edi. Yangi shartnoma shartlariga ko‘ra, Ronaldu klubning 5 foiz aksiyasi egasiga aylanadi.