Vladimir Zelenskiy Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining piyodalarga qarshi minalarni taqiqlash bo‘yicha Ottava konvensiyasidan chiqish to‘g‘risidagi qarorini kuchga kirituvchi farmonni imzoladi. Bu haqda “Golos” partiyasidan Oliy Rada deputati Roman Kostenko ma’lum qildi.
"Bu — urush sharoitida uzoq vaqtdan beri zarur bo‘lib kelayotgan qadam. Rossiya bu Ottava konvensiyasining ishtirokchisi emas va minalardan ommaviy ravishda bizning harbiylarimiz va tinch aholimizga qarshi foydalanmoqda. Biz dushman hech qanday cheklovlarga amal qilmayotgan bir sharoitda o‘zimizni tiyib o‘tirishimiz mumkin emas", — deya izoh berdi Kostenko.
Uning aytishicha, Zelenskiyning farmonni imzolagani haqida unga "hozirgina xabar berishgan". Hujjat matni hali rasman e’lon qilinmagan. Kostenkoning so‘zlariga ko‘ra, endi konvensiyadan chiqish masalasi Oliy Radada ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.