Ukraina prezidentiga ko‘ra, Putin atrofidagi ayrim shaxslar urushni tugatish va tinchlikka erishishni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya prezidenti Vladimir Putin atrofidagi ayrim vakillar urushni tugatish tarafdori ekanini va «tinchlikning muqobili yo‘q» deb hisoblashini bildirdi.
Kechki murojaati davomida Zelenskiy, shuningdek, Rossiyada «benzin inqirozi» tobora kuchayib borayotganini ta’kidlab, buni Moskva harbiy harakatlarni to‘xtatishdan bosh tortganining tabiiy oqibati deb atadi.
«Biz tinchlikni yaqinlashtirish bo‘yicha takliflar kiritdik va bu borada nafaqat dunyodagi hamkorlarimiz, balki Putin atrofidagi ayrimlar ham bizni qo‘llab-quvvatlamoqda», — dedi Ukraina prezidenti.
Bundan tashqari, Zelenskiy Ukraina amalga oshirgan uzoq masofali zarbalar Rossiyaning bir nechta hududiga, shuningdek, Moskva nazorati ostidagi Ukraina hududlariga ham yetganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev bunday zarbalarni amalga oshirish imkoniyatlarini yanada kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Ukraina prezidenti, shuningdek, Qurolli kuchlar tarkibida uzoq masofali operasiyalar uchun mas’ul bo‘ladigan maxsus qo‘mondonlik tashkil etilganini e’lon qildi. Ushbu tuzilma Rossiyaning harbiy salohiyatini yanada qisqartirishga qaratilgan barcha mavjud resurslarni muvofiqlashtiradi.
Rossiya tomoni hozircha Zelenskiyning so‘nggi bayonotlariga rasmiy munosabat bildirmagan.