Vladimir Zelenskiy ilk bor Ukraina Qurolli kuchlari Rossiyaning Belgorod viloyatida ham pozisiyalarni egallab turganini tan oldi.
"Biz dushman hududida faol amaliyotlar olib bormoqdamiz. Urush qayerdan kelgan bo‘lsa, o‘sha joyga qaytishi kerak", — dedi Ukraina prezidenti.
Ukraina qo‘shinlarining Belgorod viloyatiga bostirib kirganini Rossiya tomoni rasman tasdiqlagani yo‘q, biroq ommaviy axborot vositalari mahalliy hokimiyat Ukraina chegara hududlarini o‘qqa tutgandan so‘ng vaziyat ustidan nazoratni qisman yo‘qotganini xabar bermoqda.
"Agar Ukraina qo‘shinlarining Belgorod viloyatida oldinga siljishi tasdiqlansa, avgust oyida Kursk viloyatida o‘tkazilgan operasiyadan so‘ng bu Kiyevning navbatdagi muvaffaqiyatli hujumi bo‘lib, Kreml tomonidan yaratilgan “daxlsizlik” imidjiga putur yetkazadi", deya qayd etadi DPA agentligi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Belgorod viloyatidagi operasiyadan maqsad, Kursk viloyatidagi harakatda bo‘lgani kabi, Ukraina hududlarini himoya qilishdir.