Bugun 26 oktyabr, 2025 yil, yakshanba

КИР

Zelenskiy: Biz bu urushni AQShsiz tugatish yo‘lini qidirmayapmiz

Zelenskiy: Biz bu urushni AQShsiz tugatish yo‘lini qidirmayapmiz

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya prezidenti Vladimir Putinni to‘xtatish va urushni AQShsiz tugatish yo‘lini izlayotgani yo‘qligini bildirdi.

“Biz bu urushni AQShsiz tugatish yo‘lini qidirmayapmiz. Biz birgalikda qat’iy qadamlar tashlaymiz. Putin bizni bo‘lib, kuchsizlantirmoqchi”, — dedi Zelenskiy Londonda bo‘lib o‘tgan “Irodalar koalisiyasi” yig‘ilishida.

Uchrashuvda Britaniya bosh vaziri Key Starmer, NATO bosh kotibi Mark Ryutte, Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen va Gollandiya bosh vaziri Dik Shoff ham ishtirok etdi.

Zelenskiy o‘z nutqida Rossiya Ukraina energetika tizimiga qarshi “terrorchilik kampaniyasi” olib borayotganini, tinch aholini “sog‘uq qishga chidam berishga majburlayotganini” ta’kidladi.

“Ular bizni yo‘q qilmoqchi. Ukraina yo‘q bo‘lishini istashmoqda va bu maqsadga erishish uchun qo‘llaridan kelganini qilmoqdalar”, — dedi Ukraina rahbari.

Prezident mamlakatning havo hujumidan mudofaa tizimini mustahkamlash va front chizig‘iga e’tiborni kuchaytirish zarurligini qayd etdi.

Shuningdek, Zelenskiy Rossiya neftiga qarshi sanksiyalarni “katta qadam” deb atadi va bu choralarni joriy etgani uchun AQSh prezidenti Donald Tramp hamda boshqa ittifoqchilariga minnatdorlik izhor qildi.

Uning ta’kidlashicha, sanksiyalar Rossiyani urushni tugatishga majbur etishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lib qolmoqda.

Zelenskiy Rossiya rasmiylarining sanksiyalar iqtisodiyotga ta’sir qilmayotgani haqidagi da’volarini rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada yoqilg‘i quyish shoxobchalarida navbatlar saqlanib qolmoqda, bankrotlik holatlari ko‘paymoqda va federal byudjet tanqisligi ortib bormoqda.

“Tinchlik faqat tajovuzkorga ko‘rsatilayotgan bosim orqali yuzaga keladi. Biz bu bosimni davom ettirishimiz kerak”, — dedi Zelenskiy.

Shu bilan birga, Ukraina rahbari Yevropa kengashining muzlatilgan Rossiya aktivlaridan Ukrainaga yordam uchun foydalanish to‘g‘risidagi qarorini olqishladi va bu yil oxirigacha amalga oshishidan umid bildirdi.

“Muzlatilgan aktivlar masalasida uch bosqich bor: siyosiy qaror, amaliy yechim va so‘ng — amalga oshirish. Kecha biz siyosiy qarorni qabul qildik, deb o‘ylayman. Bu ijobiy signal”, — dedi Zelenskiy.

Kiritildi: 13:59 25.10.2025. O'qildi: 770 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!