Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Tavba! Toshkentda to‘rt bolali ayol bir paytda ikki erkakka ikkinchi xotin bo‘ldi...

Tavba! Toshkentda to‘rt bolali ayol bir paytda ikki erkakka ikkinchi xotin bo‘ldi...

Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi to‘rt bolali ayol turmush o‘rtog‘i bo‘lishiga qaramay, yana bir o‘zini solih deb hisoblovchi erkakning nikohiga o‘tgan. Bir-biridan bexabar ikki er sakkiz oy davomida ayol bilan birga yashagani aytilmoqda. Bu haqda Facebook foydalanuvchisi Musannif Adham post qoldirdi.

Quyida postni to‘lig‘icha e’tiboringizga havola qilamiz.

Bir solih kishi ko‘p bolali, eri o‘lgan, beva ayolga ikkinchi xotin sifatida uylangandi. Maqsad: yetim bolalarni kafolatga olish, onasiga farzandlari tarbiyasida ko‘maklashish. Bir oycha ahil yashashdi, er muhtojlikka uchragan oilaning barcha ehtiyojlarini qopladi — yangi uylangan ayolini, uning bolalarini davolatdi; o‘zining uyida bo‘lmagan maishiy jihozlarni olib berdi; bu oila ijarada yashayotgani uchun vatanli bo‘lib qolsin deya yangi qurilayotgan uylardan birini sotib olishga shartnoma tuzib qo‘ydi; bolalarga yangi va qimmatbaho kiyimlar olib berib, o‘z farzandlaridan ham a’lo sharoit qilib berdi; xullas, bir so‘z bilan aytganda bir oila uchun kerakli bo‘lgan barcha ishni ortig‘i bilan bajardi.

Ammo... Hammasi keyin boshlandi: yillar davomida ro‘shnolik ko‘rmagan ayol o‘zgardi, eri bilan har turli mayda-chuyda narsalar xususida janjallasha boshladi. Bunda balki erning ham aybi bordir — faqat bir tomonni eshitib xulosa qilish to‘g‘ri emas, biroq voqealar rivoji g‘alati kechganidan bir to‘xtamga kelsa bo‘ladi.

Yaqin 10 kun ichida yana bir ish bo‘ldi: arzimagan narsadan janjal chiqargan ayol tun yarmida erdan uydan chiqib ketishni talab qildi. U chiqib ketayotganida esa oshpichoqni vena tomiriga tirab, o‘zini o‘ldirish bilan tahdid qilib, yana bir o‘yin ko‘rsatdi, orada erdan nechanchi martadir taloq ham so‘radi. Bu mashmashalardan toqati toq bo‘lgan er ayolni shu holatda tashladi-da, o‘ziga kelib, qilgan ishlari xususida o‘ylab olishi uchun bir necha kunga uyni tark etdi. Chiqib ketishidan oldin oilaning kamida ikki haftalik ro‘zg‘orini butlab qo‘ygandi.

Janjallardan tin olib, endi xotirjam nafas ola boshlagan erni o‘sha ayol bilan ijarada turadigan mahallaga chaqirishdi. Borsa, ichki ishlar va milliy gvardiya xodimlari eshik oldida turibdi. Har kuni bir o‘yin ko‘rsatishga o‘rgangan ayol milisiya chaqirib, «Falonchi meni urdi», deb erining ustidan yozib beribdi. Ayol o‘z gapini isbotlash uchun milisiya xodimiga erining ko‘z oldida kiyimining etagini yelkasigacha ko‘tarib ko‘rsatdi. Er nomus va tahqirdan tamom bo‘ldi, shu holatni ko‘rguncha hatto qamalishga-da rozi edi. Ammo ichki ishlar xodimlari ham vaziyatni tushunadigan odamlar ekan, erni o‘zlari bilan bo‘limga olib ketishdi-yu, «O‘zi qiynalib yashab yurgan, ko‘p bolali ayol bo‘lsa, shallaqilik qilishga balo bormi?», — deb ensalari qotgancha azbaroyi anavi arizani yopish uchun erga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzib, qo‘yib yuborishdi.

Er endi bu oiladan butunlay ajrashish, uzilish qaroriga keldi. Biroq hali oldinda bundan battar mashmashalar bor ekan. Milisiya mojarosidan ikki kun o‘tib anavi ayolning yetim bolalari suratini ijtimoiy tarmoqqa qo‘ygandi, notanish bir kishi unga aloqaga chiqdi: «Nima qilib mening bolalarimning suratini tarqatib yuribsiz? Bularning onasiga men uylanganman-ku!».

Solih deb bilingan kishi bu gapdan dahshatga tushdi. Tezda o‘sha odam bilan bog‘landi, uchrashishdi. Ma’lum bo‘ldiki, u sodda, kamsuqum va dunyoga e’tiborsiz deb bilib, shu hislatlariga havasi qilib, yetim bolalarini tarbiyalamoqchi bo‘lib uylangan ayol aslida 8 oydan beri boshqa odamning nikohida ekan! Birovning nikohidagi ayolga uylanibdi!

O‘zini xokisor, beozor qilib ko‘rsatgan ayol na nikohgacha, na nikoh jarayonida bir og‘iz «Mening boshimda erim bor», demabdi. Aksincha, hali nikohi buzilmagan eriga bu odamni ukasi sifatida tanishtiribdi. Shu tarzda bunisi bo‘lmaganda unisi, unisi bo‘lmaganda bunisi bilan yashashni boshlabdi...

Buyog‘iga yozish qiyin. Musibat ustiga musibat...

Shunday tahqirga chidash, sabr qilish imkoni bormi?! Biz esa voqelikdan bexabar faqat bir tomonga pand-nasihat qilamiz, malomatga tutamiz...

Musannif Adham

Kiritildi: 11:00 17.09.2019. O'qildi: 20358 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!