Markaziy bankning ma’lum qilishicha, joriy yilning mart oyida yurtimizning oltin-valyuta zaxiralari rekord darajalik ko‘rsatkichga yetib, 47,85 milliard dollarni tashkil etgan.
Qayd etilishicha, joriy yilning 1 aprel holatiga ko‘ra, regulyator zaxiralaridagi aktivlarning umumiy qiymati bir oyda 2,91 milliard dollarga yoki 6,47 foizga oshdi. Natijada ko‘rsatkich joriy yilning fevral oyidagi rekordni yangiladi.
Markaziy bank oltin zaxiralari qiymati 2 milliard dollardan ortiqqa ko‘payib, jami ulushi 36,88 milliard dollarni tashkil etdi. Bu zaxira aktivlarida oltin narxining rekord darajalik ko‘rsatkichidir. Biroq oltinning fizik hajmi 12,18 million troy unsiya (379,45 tonna) dan 11,82 troy unsiya (367,09 tonna)ga kamaygan.
Markaziy bank izohida qayd etilishicha, mamlakatimiz yalpi xalqaro zaxiralari 2025 yilning mart oyida 2 milliard 910,4 million dollarga oshdi. Xususan, oy davomida oltin narxining 2 861,40 dollardan 3 120,20 dollargacha oshishi ta’siri +3 mlrd 59,0 mln dollarni tashkil etdi.
Bundan tashqari, o‘tgan oyda O‘zbekistonning valyuta zaxiralari ham 883,06 mln. dollarga oshgan. Ularning hajmi 10,41 mlrd. dollarni, shu jumladan, boshqa mamlakatlar markaziy banklari va XVJdagi hisob-raqamlarida 358,98 mln dollarni hamda xorijiy banklarda 9,85 mlrd. dollarni tashkil etmoqda.
Shuningdek, Markaziy bank tomonidan xarid qilingan qimmatli qog‘ozlar qiymati bir oyda biroz oshib, 203,12 million dollarga yetdi.
Qimmatli qog‘ozlar hajmi ikki baravar ko‘payib, 200 million dollardan oshdi, ularning oltin-valyuta zaxiralaridagi ulushi esa 0,45 foizgacha o‘sdi.