Bugun 12 sentyabr, 2025 yil, juma

КИР

Yurtimizda pora olmoqchi bo‘lgan davlat xizmatchilari DXX tomonidan qo‘lga olindi

Yurtimizda pora olmoqchi bo‘lgan davlat xizmatchilari DXX tomonidan qo‘lga olindi


Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa huquq-tartibot organlari hamkorligida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida, ayrim mansabdor shaxslarning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.

Xususan, Andijon viloyati Bo‘ston tumani hokimining investisiya hamda qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari o‘zaro til biriktirib, xizmat mavqeidan foydalangan holda, tumandagi fermer xo‘jalikning 500 ming AQSh dollarlik eksport rejasini soxta eksport operasiyalari orqali yopib berish evaziga 65 mln. so‘m miqdorida pora talab qilishgan.

Tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari joriy yilning avgust oyida so‘ralgan pulning 25 mln. so‘mini avans sifatida oladi. Qolgan qismini esa, ya’ni 40 mln. so‘mni tuman hokimining investisiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari orqali olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v”, “g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Boshqa holatda esa fuqaro Davlat xavfsizlik xizmati “Call markazi”ga murojjaat qilib, 2 nafar shaxs o‘zlarining hokimlikda yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Sergeli tumanida joylashgan MCHJga tegishli 1 gektar yer maydonining toifasini o‘zgartirib, u yerda ko‘p qavatli uy-joy qurishga ruxsat olib berish evaziga 900 ming AQSh dollari talab qilishganligini aytadi.

Toshkent shahrining Mirobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda noqonuniy yo‘llar bilan boylik orttirish niyatida bo‘lgan “uddaburon”lar oldindan 220 ming AQSh dollarini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Qashqadaryo viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaroning murojaati asosida DXX hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Qarshi shahrida joylashgan “Vatanparvar” tashkilotining viloyat kengashi raisi o‘rinbosari ariza muallifining o‘g‘liga imtixonsiz haydovchilik guvohnomasini olib berish evaziga, xizmat xonasida 20 mln so‘m pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Kiritildi: 08:50 09.09.2025. O'qildi: 918 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!