Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan “2027-yilgi futbol bo‘yicha U-20 Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2027-yilda O‘zbekiston va Ozarbayjonda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha U-20 Jahon chempionatini yuqori saviyada tashkil etish ustuvor vazifa etib belgilandi. Xususan, musobaqaga puxta tayyorgarlik ko‘rish, FIFA talablariga mos infratuzilmani yaratish, ishtirokchilar va muxlislar uchun qulay sharoitlar ta’minlash hamda chempionat orqali mamlakatning xalqaro nufuzini oshirish nazarda tutilgan.
Qarorda 2025 yil 2 oktyabr kuni FIFA Kengashi tomonidan U-20 Jahon chempionatini O‘zbekiston va Ozarbayjonda o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingani ma’lumot uchun qabul qilindi. Shuningdek, musobaqaga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita tarkibi hamda chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Tashkiliy qo‘mitaga Jahon chempionatini o‘tkazish jarayonida mas’ul davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, stadionlar va boshqa ob’ektlarni FIFA talablariga mos holda jihozlash, ishtirokchilarning kelib-ketishi, viza, transport, tibbiy xizmat va volontyorlik masalalarini tashkil etish vazifalari yuklatildi. Shuningdek, chempionat hududlarida uzluksiz va muqobil elektr energiyasi bilan ta’minlash, stadionlar, mashg‘ulot maydonlari hamda mehmonxonalarni tayyor holatga keltirish belgilandi.
Qarorga binoan, musobaqa doirasidagi xarajatlar va ularni moliyalashtirish manbalari alohida ilova bilan tasdiqlandi. Akkreditasiyadan o‘tgan shaxslar va o‘yin chiptalari mavjud muxlislar uchun jamoat transportidan, jumladan avtobus va metrodan bepul foydalanish imkoniyatlari yaratiladi.
Shu bilan birga, Toshkent shahrida FIFAning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun mintaqaviy ofisini ochishga rozilik berildi. Mintaqaviy ofis O‘zbekiston futbol assosiasiyasi binosida joylashtiriladi va uning faoliyati asosan FIFA mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Qarorda O‘zbekiston futbol assosiasiyasi, Sport vazirligi, Energetika vazirligi hamda boshqa mas’ul idoralar zimmasiga Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish, media yorituvini ta’minlash, infratuzilma va energetika masalalarini hal etish bo‘yicha aniq vazifalar yuklatildi.
Mazkur qarorning ijrosini ta’minlash va nazorat qilish Bosh vazir hamda Prezidentning sport bo‘yicha vakiliga yuklatildi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon 2027-yilgi U-20 jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. 2025 yil 2 oktyabr kuni FIFA Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Unda kun tartibidagi dolzarb masalalar qatorida 2027-yilda 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan Jahon chempionati mezbon mamlakatlari ham rasman e’lon qilingan.
Qarorga muvofiq, 2027-yilgi U-20 Jahon chempionati O‘zbekiston va Ozarbayjon hududida bo‘lib o‘tadi. Ushbu musobaqa FIFA tomonidan tashkil etiladigan milliy terma jamoalar o‘rtasidagi Jahon chempionatidan keyingi eng nufuzli turnir hisoblanadi.