Ko‘k kit sut emizuvchilaridan bo‘lib, yer yuzidagi eng katta jonivor hisoblanadi. Uning uzunligi 33 metr, og‘irligi 150-170 tonna keladi.
Yuragining og‘irligi 600 kilogramm atrofida bo‘ladi. Tilining og‘irligi 2 tonnaga yaqin. Ya’ni o‘rtacha kattalikdagi avtomobilga teng keladi. Tomirlari shu qadar kattaki, ichidan inson yurib o‘tishi mumkin.
Ko‘k kit shunchalik katta bo‘lishiga qaramay, u uzunligi 5 sm keladigan kril nomli dengiz planktonlari (qisqichbaqa ko‘rinishidagi mayda jonzotlar) bilan oziqlanadi. Kit bir kunda 40 millionta kril iste’mol qiladi. Bu o‘rtacha 3 yarim tonnadan ortiq ozuqa degani.
Ko‘k kit 50 yildan ortiqroq umr ko‘radi. Odatda ular tabiiy sabablar, yirtqich baliqlar (kasatkalar va akulalar) jamoasining hujumlari, kemalarning borib urilishi, ummon suvining ifloslanishi va ularni ovlanishi natijasida o‘ladi. Oldinlari ovchilar uni yog‘i, go‘shti va boshqa mahsulotlar olish uchun ovlashgan. Hozirgi kunda bu jonivorni ovlash qonun bilan ta’qiqlangan.
Ko‘k kit ummonda soatiga 30 kilometr tezlikda suza oladi. U ovqat izlab 500 metrgacha suv ostiga tushishi mumkin.
Urg‘ochi ko‘k kit har uch yilda bir marta bola tug‘adi. Uning homiladorlik davri 11-12 oyni tashkil etadi. Urg‘ochi ko‘k kit odatda faqit bitta jufti bilan yashaydi. Ko‘k kitning yuragi 10 tonna qonni o‘tkazadi.
Kit yoshiga qarab turlicha nafas oladi. U tinch holatda bir daqiqada 1-4 marta nafas oladi. Uzunligi 18 metrli kit ikki daqiqada 5-10 marta nafas olsa, 22 yarim metrli kit 12,5 daqiqada 7-11 marta nafas oladi. Voyaga yetgan ko‘k kit bir daqiqada 3-6 marta nafas chiqaradi (havoni fontan ko‘rinishida otadi).