Bugun 25 oktyabr, 2024 yil, juma

КИР

Yunusoboddagi quvur yorilishi oqibatida qancha ichimlik suvi yo‘qotilgani ochiqlandi

Yunusoboddagi quvur yorilishi oqibatida qancha ichimlik suvi yo‘qotilgani ochiqlandi

Toshkentning Yunusobod tumanidagi Moyqo‘rg‘on va Qoraqamish ko‘chalari kesishmasi ostidan o‘tgan 800 diametrli magistral suv quvuri teshilib, atrofni suv bosgani haqida xabar berilgan edi. “O‘zsuvta’minot” AJ rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Yunusoboddagi quvur yorilishi oqibatida qancha ichimlik suvi yo‘qotilgani ma’lum qilindi.

“O‘zsuvta’minot” bo‘limi boshlig‘i Asiljon Muhiddinovning so‘zlariga ko‘ra, yuz bergan nosozlik bevosita 1970−1975 yillarda tortilgan suv quvurlarining bugungi kunda ta’mirtalab ahvolga kelgani va o‘sha tarmoqda ortiqcha bosim paydo bo‘lgani oqibatida kuzatilgan.

Uning aytishicha, birlamchi hisob-kitoblarga ko‘ra, nosozlik jarayonida 80−85 ming kub metr miqdoridagi ichimlik suvi yo‘qotilgan.

Bu Toshkent shahriga bir kunda uzatilayotgan ichimlik suvining 3,2 foizini tashkil qiladi... Agar biz tarmoqlarni raqamlashtirib, ularning bosimini onlayn boshqaradigan uskuna va jihozlarini o‘rnatmas ekanmiz, tarmoqning qaysidir nuqtasida avariya sodir bo‘lishini oldindan bila olmaymiz. Mana shu ishlarni amalga oshirsak, tarmoqni to‘liq nazorat qilish va nosozliklarning oldini olish imkoniga ega bo‘lamiz, deydi “O‘zsuvta’minot” vakili.

“O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi rais o‘rinbosari Xurshid Rahmatullayevning ta’kidlashicha, avariya diametri 1200 millimetrli quvurning 800 mm bo‘lgan quvurga ulangan qismida sodir bo‘lgan.

Ushbu hodisada yo‘qotilgan ichimlik suvi zarari aholi yoki o‘sha hududdagi iste’molchilar bo‘yniga hisoblanmaydi. Yuqorida aytganimizdek, texnik yo‘qotishlar avvaldan ko‘zda tutiladi. Agar yil davomida 17 foizdan oshadigan bo‘lsa, quvur egasi, ya’ni bizning tashkilot zarari hisoblanadi, tabiiy yo‘qotish, degan mazmunda zarar qoplanadi. Bu hech qanaqasiga iste’molchilar bo‘yniga tushmaydi, deydi Xurshid Rahmatullayev.

Toshkent shahar Yunosobod tumanini 3 iyul kuni suv bosgani haqida xabar berildi. Suv quvuri yorilib toshgani natijasida avtotransport vositalarini harakati vaqtinchalik cheklandi. Toshkent shahar “Suv ta’minoti” axborot xizmati boshlig‘i holat sababini ochiqladi. Unga ko‘ra, holatga yaqin hududda joylashgan qozonxonada vaqtincha elektr ta’minoti uzilgani sabab bo‘lgan. Ko‘p o‘tmay Energetika vazirligi suv toshishi elektr energiyasi o‘chirilgani tufayli yuzaga kelganini rad etib chiqdi.

Kiritildi: 08:59 10.07.2024. O'qildi: 1054 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!