Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi bir necha tup chinor daraxti tag-tugi bilan kesilgani aks etgan videolar tarqaldi.
Holat yuzasidan Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi munosabat bildirdi.
O‘rganishlar natijasida videoda aks etgan holat Yunusobod tumanidagi «Akbarobod» mahallasi, 3-mavzesi hududida yuz bergani aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu daraxtlar tabiiy omillar ta’siri oqibatida zararlanib, qurib qolgani hamda hozirgi ob-havo sharoitida aholining hayoti va mol-mulkiga jiddiy ziyon yetkazishi aniqlangan. Potensial xavfning oldini olish maqsadida daraxtlar tuman ekologik nazorat inspeksiyasi mutasaddi xodimlarining nazorati ostida kesilgan.
Shuningdek, bu bo‘yicha tegishli ruxsatnoma shakllantirilgani ham aytilgan.