Ukraina-Rossiya urushi 2027 yilgacha davom etadi. Putin o‘z pozisiyasini yumshatish alomatlarini ko‘rsatmayapti — Bloomberg.
AQSh va Yevropa rasmiylari Tramp ma’muriyatining so‘nggi tinchlik tashabbusi Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralarda hech qanday natija bermaganini tan olib, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi kelgusi yilda ham davom etadi degan xulosaga keldi. Vaziyatdan xabardor yevropalik amaldorlarning Bloomberg'ga ma’lum qilishicha, Rossiya prezidenti Ukrainaga qarshi urush va Kiyev ittifoqchilarining qat’iyatini sinab ko‘rish uchun qish davomida hujumlarni kuchaytirishni rejalashtirmoqda.
"Prezident Donald Trampning maxsus vakillari Jared Kushner va Stiv Uitkoff Moskva va Kiyevda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda sezilarli yutuqlarga erisha olmadilar", — dedi agentlik manbalari.
Rasmiylarning ta’kidlashicha, AQSh yaqinda Moskvaga boshi berk ko‘chaga kirib qolgan tinchlik muzokaralarini qayta boshlash uchun yangi g‘oyalar zarurligi haqida xabar berganiga qaramay, Putin o‘z pozisiyasini yumshatish alomatlarini ko‘rsatmagan.
O‘z navbatida, Bloomberg suhbatdoshlaridan biri Rossiyaning kelgusi olti oylik rejasi tinch aholi hayotini chidab bo‘lmas holatga keltirish uchun Ukrainaning energetika va issiqlik infratuzilmasiga hujumlarni kuchaytirish, shuningdek, Kiyevni qo‘llab-quvvatlashga putur yetkazish uchun Yevropada gibrid hujumlar va siyosiy aralashuvlarni oshirishdan iborat ekanligini bildirdi.
Nashr manbalarining ta’kidlashicha, AQSH, Rossiya va Ukraina vakillari o‘rtasidagi uch tomonlama muzokaralar Davlat Dumasiga saylovdan keyin qayta boshlanishi mumkin, ammo bunday muhokamalar tinchlik bitimi tuzish jarayoniga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi dargumon.