BMT Bosh kotibining Inson xavfsizligi masalalari bo‘yicha maxsus maslahatchisi Yukio Takasu Markaziy Osiyo ekologik forumi va “Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikdagi harakatlar: yangicha yondashuvlar, innovasion yechimlar va investisiyalar” mavzuidagi xalqaro anjumanda ishtirok etish uchun O‘zbekistonga keldi. 7 iyun kuni maxsus maslahatchi Orolbo‘yi hududiga borib, ekologik vaziyat bilan tanishdi, mahalliy aholi, davlat hamda jamoat tashkilotlari vakillari bilan uchrashdi.
Janob Yukio Takasu “Xalq so‘zi” muxbiriga intervyu berdi:
— Bir yil avval BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish O‘zbekistonga tashrifi davomida Nukusda bo‘lgan, Mo‘ynoqdagi “kemalar qabristoni”ga borgan edi. U Orol dengizi bilan bog‘liq holatni “Zamonamizning eng yirik ekologik fojiasi”, deb atagandi. Dengizning asta-sekinlik bilan yo‘qlikka yuz tutishiga suv resurslarini noto‘g‘ri boshqarish sabab bo‘ldi. Hozir vaziyat iqlimning yalpi isishi tufayli yanada chigallashmoqda.
Mo‘ynoqda men vayronalargagina emas, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari hukumatlari hamda BMT agentliklari tomonidan Orol dengizining qurishi oqibatlarini yumshatish yo‘lidagi intilishlari natijasiga ham guvoh bo‘ldim. Uylar, infratuzilma ob’ektlari qurilmoqda.
Shunday iqlim sharoitlariga moslashgan dov-daraxtlar ekish davom ettirilyapti. Bu o‘simliklar chang va tuzni to‘sib turadi. Qushlarning ayrim turlari qaytmoqda. Boshqacha aytganda, ekologik holat, odamlarning turmush sharoitlarini yaxshilash, bioxilmaxillikni saqlash hamda boyitish bo‘yicha choralar samara berishni boshladi. To‘g‘ri, natijalar hali maqtanishga arzigulik emas, biroq ular umid uchqunlaridir.
Orol dengizi masalasi BMTning doimiy diqqat-e’tiborida. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hukumat bilan birgalikda Orolbo‘yi aholisining turmush sharoitlarini yaxshilash, tabiiy holat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha dasturni amalga oshirmoqda. U iqtisodiy, oziq-ovqat, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, insonlar salomatligini asrashni ko‘zda tutadi. BMTning qo‘shma dasturi birinchi davri natijalariga ko‘ra, Orolbo‘yida yashovchi 44 ming 262 nafar insonga yaxshilangan ijtimoiy xizmatlar olish imkoniyati ochildi. 400 dan ortiq fermerlar maxsus o‘quv-mashg‘ulotlarida qishloq xo‘jaligidagi zamonaviy usullar, daromadni oshirish uchun innovasion texnologiyalar bilan ishlash, tabiiy resurslardan samarali foydalanish malakasiga ega bo‘ldilar. 143 ta birinchi tibbiy yordam muassasasiga maxsus jihozlar yetkazib berildi. Mo‘ynoq tumanidagi tibbiy tashkilotlarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga o‘tishi elektr energiyasidagi uzilishlarning oldini olmoqda. Qishloqlardagi 19 mingdan ziyod aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati ham aynan shunga bog‘liq. Fuqarolarning tibbiy madaniyati va xabardorligini oshirish, shu jumladan, sil kasalligi profilaktikasi bo‘yicha ma’lumot berishga qaratilgan axborot kampaniyalari o‘tkazish uchun 1644 nafar ko‘ngilliga zarur bilim hamda ko‘nikmalar berildi. 197 ta biznes g‘oyani ro‘yobga chiqarishda ko‘rsatilgan ko‘mak hisobiga 275 ta ish o‘rni yaratildi.
O‘zbekiston hukumati va BMTning yangi strategiyasi tashkilot shafeligida mablag‘larni safarbar etish hamda ularni Orol fojiasining salbiy oqibatlarini yengib o‘tishga yo‘naltirish maqsadida ko‘p tomonlama hamkorlikka asoslangan trast jamg‘armasi ta’sis qilishni nazarda tutadi. Biz xalqaro hamjamiyatning qo‘llab-quvvatlashiga erishish uchun birgalikda intilyapmiz. Albatta, dengizni ortga qaytarib bo‘lmaydi, ammo Orolbo‘yi aholisining hayotini yaxshilash o‘z qo‘limizda.
Yana bir muhim masala — mintaqadagi umumiy suv manbalarining ham yuqori, ham quyi daryolaridan foydalanishda barcha mamlakat va xalqlarning manfaatlarini inobatga olishdir. Amudaryo hamda Sirdaryo havzalaridagi suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha konvensiyani birgalikda ishlab chiqish va BMT bilan kelishish ham shu maqsadga xizmat qiladi. O‘zbekiston tomoni mazkur jarayonni faollashtirishni taklif qilmoqda. Mening fikrimcha, bu yerda asosiy gap mintaqaviy hamkorlikda. Shu kunlarda Markaziy Osiyo xalqaro ekologik forumi doirasida mintaqaning barcha mamlakatlari vakillari o‘rtasida uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlari mazkur masalaning eng maqbul yechimini topa oladilar, deb o‘ylayman.