Bugun 24 aprel, 2024 yil, chorshanba

КИР

Yoshi katta odamni so‘kkan Mirishkor hokimi: "Xalqimizdan uzr so‘rayman va bu holat takrorlanmasligiga va’da beraman (VIDEO)

Yoshi katta odamni so‘kkan Mirishkor hokimi:  "Xalqimizdan uzr so‘rayman va bu holat takrorlanmasligiga va’da beraman (VIDEO)

Ijtimoiy tarmoqlarda makkajo‘xori o‘g‘risi va uni izza qilgan Mirishkor tumani hokimi haqidagi video tarqaldi. Unda hokim makkajo‘xori o‘g‘irlashda gumon qilingan fuqaroni haqoratlagani aks etgan.

Ushbu video yuzasidan Mirishkor tumani hokimi Ravshan Komilovdan izoh olish maqsadida tumanda bo‘lgan «Daryo» muxbiri Otabek Qo‘ldoshevning yozishicha, «Makkajo‘xori» voqeasi 2019 yil 29 sentyabr kuni ro‘y bergan.

Aniqlanishicha, makkajo‘xori o‘g‘irlashda ayblanayotgan videodagi shaxs tumanning «Guliston» qishlog‘ida yashovchi fuqaro Sayfulla Muhammadiyev.

Mirishkor tumani hokimi «Daryo» muxbiri bilan suhbati avvalida videodagi ovoz haqiqatan ham o‘ziniki ekanligini tasdiqladi.

Videodan anglashilishicha, Mirishkor tumani hokimi Ravshan Komilov fuqaroni o‘g‘rilikda gumon qilib, koyiydi. Nabiralarini ham o‘g‘irlik qilishga o‘rgatayotganlikda ayblaydi. «Tadbirkor xorijga sotishni maqsad qilgan makkajo‘xorini hamma olib ketaversa, eksport nima bo‘ladi?» — deya savol beradi hokim. O‘g‘irlikda ayblanayotgan kishi esa nabiralarining qistovi bilan makkajo‘xori olganini aytadi va ularni urishadi.

Tuman hokimi Ravshan Komilovning iqroricha, videoni o‘zi tasvirga olgan. So‘ngra makkajo‘xori yetishtirayotgan tadbirkorga Telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali jo‘natgan va o‘g‘rilikdan xabardor qilgan. Tadbirkor esa makkajo‘xori yetishtirayotgan fermerga holatni ma’lum qilgan. Turgan gapki, fermer ishchisiga o‘g‘rilikni video orqali ma’lum qilib, uni e’tiborsizlikda ayblagan. Xullas, hokimning o‘zi suratga olgan video yana hokim tashabbusi bilan ijtimoiy tarmoqlarda ham tarqaladi. Keyingi voqealar esa o‘zingizga ayon.

«Daryo» muxbiri Ravshan Komilov bilan suhbati davomida o‘g‘irlangan hamda qaytarib olingan makkajo‘xorilar nega hokim avtomobiliga solingani bilan ham qiziqdi.

— Makkajo‘xorini isbot sifatida o‘zim oldim va hudud profilaktika inspektoriga topshirdim, — deydi Ravshan Komilov. — Urug‘ining kilosi 1 dollardan oshiq mablag‘ga sotib olinayotgan makkajo‘xori gektaridan 10 tonna hosil beradi. Mahsulot eksporti haqida men qayg‘urmasam, kim qayg‘uradi?

Aytishlaricha, o‘g‘irlanayotgan makkajo‘xori gektaridan 10 tonna hosil beradi. Hosilning har kilosi esa xorijda 1 dollardan oshiq mablag‘ga sotiladi.

— Tadbirkor mehnatini qadrlaganim va tumanning eksporti haqida qayg‘urganim uchun ham makkajo‘xori o‘g‘irlayotgan kishini koyidim, — deydi Ravshan Komilov. — Holatni ko‘rib, jahlim chiqqani rost. Biroq men aytgan qo‘pol so‘zlar boshqa birovga qaratilmagan. Ya’ni hech kimni haqoratlamadim. To‘g‘ri, hokim sifatida qo‘pol so‘zlarni umuman ishlatmasligim kerak edi. Xato qildim va xatoyimni anglab yetdim. Buning uchun xalqimizdan uzr so‘rayman va bu holat takrorlanmasligiga va’da beraman.

Tadbirkor Nodirbek Rahmonovning ma’lumot berishicha, 1 tonna 800 kilo urug‘ Ispaniyadan 15 ming AQSh dollari evaziga shartnoma asosida keltirilgan.

— Makkajo‘xori ekilgan yer maydoni «Qurbonov Xolmurod» fermer xo‘jaligiga yeri hisoblanadi, — deydi tuman hokimi o‘rinbosari G‘anisher Fayziyev. — Tumandagi g‘alladan bo‘shagan yer maydonlariga takroriy ekin sifatida makkajo‘xori, sabzi va dukkakli mahsulotlar yetishtirishni maqsad qilgan fermerlar «Mirishkor stroy sentr» MCHJ rahbari Nodirbek Rahmonov bilan shartnoma tuzib, makkajo‘xori urug‘ini buyurtma asosida keltirgan.

Tuman hokimligi axborot xizmatidan ma’lum qilinishicha, joriy yilda Nodirbek Rahmonov rahbarligidagi MCHJ Mirishkor tumanidan Rossiya va Qozog‘iston davlatlariga 1,5 million dollarlik mahsulot eksport qilishini rejalashtirgan va hozirga qadar 417 ming dollarlik dukkakli mahsulotlar eksport qilingan.

Ayni paytda fermer xo‘jaligi yetishtirgan 600 tonna makkajo‘xori doni xorijga eksport qilinishi mo‘ljallanmoqda.

Tuman hokimining mahsulot eksporti haqida qayg‘urishi tahsinga loyiq, albatta, ammo u fuqaroga nisbatan tilga olib bo‘lmaydigan qo‘pol so‘zlarni ishlatmasligi va izza qilmasligi kerak nazarimizda. Xususan, buni kuzatib turgan bolalar qarshisida.

Kiritildi: 17:17 09.10.2019. O'qildi: 4931 marta. Fikrlar soni: 1 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!