O‘zbekiston chempioni «Neftchi» klubi finlyandiyalik hujumchi Markus Forss bilan shartnoma imzolaganini e’lon qildi.
«1999 yil 18 iyunda Finlyandiyaning Turku shahrida tug‘ilgan Markus Uolevi Forss — markaziy hujumchi sifatida faoliyat yuritadigan, zarur holatlarda har ikki qanotda ham o‘ynay oladigan futbolchi. Uning bo‘yi 1,82 metr, asosiy oyog‘i — o‘ng.
Forss futbolchilik faoliyatining katta qismini Angliyaning professional futbol tizimida o‘tkazgan. 13 yoshida «Vest Bromvich» akademiyasiga qo‘shilgan futbolchi keyinchalik «Brentford» tizimida faoliyatini davom ettirgan va 2018 yilda klubning asosiy jamoasida debyut qilgan.
«Brentford» safida Forss 2018–2022 yillar davomida to‘p tepdi. 2019/20 yilgi mavsumda ijara asosida «Uimbldon» safida harakat qilib, 18 ta bahsda 11 ta gol urdi. Keyinchalik «Hall Siti» safida ham ijara asosida o‘ynadi.
2022 yil yozida Markus «Midlsbro» futbolchisiga aylandi. Angliyaning Chempionship ligasida jamoaning muhim hujumchilaridan biri bo‘lgan Forss klub safida barcha musobaqalarda 90 dan ortiq bahsda maydonga tushib, 18 ta gol urdi.
2025/26 yilgi mavsumni esa ijara asosida «Bolton» safida o‘tkazdi.
Markus Forss — Finlyandiya milliy jamoasi a’zosi. U mamlakatining U-17, U-18, U-19 va U-21 milliy jamoalarida ham o‘ynagan. 2020 yil noyabr oyida Finlyandiya bosh jamoasida debyut qilgan. Ilk xalqaro o‘yinida Fransiyaga qarshi maydonga tushib, debyutini gol bilan nishonlagan. Forss Finlyandiyaning Yevro-2020 tarkibidan ham joy olgan. Milliy jamoa safida hozirga qadar 21 ta o‘yinda 2 ta golga mualliflik qilgan.
Forss endi o‘zining Angliyadagi katta futbol tajribasini Farg‘onaga olib keladi.
Markus, «Neftchi»ga xush kelibsiz!», — deb yozadi klub matbuot xizmati.
Eslatib o‘tamiz, 27 yoshli hujumchi farg‘onaliklarga faqat Elit OCHLda yordam bera oladi.