Qashqadaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi xodimlari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda ovchi qush noqonuniy sotilayotganligi aniqlandi.
Qayd etilishicha, boshqarma xodimlari holatga chek qo‘yish maqsadida fuqaro bilan “xaridor“ sifatida bog‘lanib, qushni sotib olishga kelishadi. Belgilangan joyda SH.M. kelishilgan pulni sanab olib, xodimlarga qushni berayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Qush vaziyatga to‘liq oydinlik kiritilgunga qadar Shahrisabz shahridagi hayvonot bog‘iga vaqtincha topshirildi.
Shuningdek, qushning turiga aniqlik kiritish uchun hujjatlar Fanlar akademiyasiga yuborildi. Fanlar akademiyasining xulosasiga asosan zarar miqdori belgilanadi va huquqbuzarga tegishli chora ko‘riladi.
Ma’lumot uchun, avvalroq Toshkent shahri va Farg‘ona viloyatida ham qushlarning noqonuniy savdosiga chek qo‘yilgandi.