Urushni o‘rganish instituti (ISW) tahlilchilariga ko‘ra, Rossiya Ukrainada so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatish uchun AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan belgilangan “psixologik muddat”ni qabul qilishi dargumon.
ISW hisobotida qayd etilishicha, Rossiya avvalroq Qora dengizda vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish shartlarini ilgari surgan. Talablar orasida Rosselxozbank va boshqa moliya institutlariga qarshi G‘arb sanksiyalarini bekor qilish, shuningdek, ushbu tashkilotlarning SWIFT tizimiga ulanishini tiklash kiradi.
Tahlilchilarga ko‘ra, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlarga hali erishilgani yo‘q va shartlar to‘liq kelishib olinmagan bo‘lsa kerak. Shu nuqtai nazardan, 20 aprelgacha kelishuvga erishish dargumondek.
Hisobotda, shuningdek, Rossiya AQSh va Ukraina o‘rtasidagi konchilik bo‘yicha potensial kelishuvni buzishga urinayotgani aytilgan. ISW Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriyevning Moskva va Vashington nodir yer elementlari sohasidagi qo‘shma loyihalarni muhokama qilayotgani haqidagi bayonotlariga e’tibor qaratdi.
Mutaxassislarning fikricha, Rossiya shu yo‘l bilan Tramp ma’muriyatining rejalarini buzib, o‘zini strategik resurslarning muqobil yetkazib beruvchisi sifatida ko‘rsatmoqchi.
ISW shuningdek, AQSh va Rossiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik Kremlni kelajakda Ukrainaga yangi keng ko‘lamli bosqindan to‘xtata olmasligini ta’kidlaydi.
Avvalroq Donald Tramp Vladimir Putinning harakatlaridan noroziligini bildirib, Rossiya neftiga ikkilamchi bojlar joriy etish bilan tahdid qilgandi. U Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubbning taklifiga binoan 20 aprelgacha “psixologik muddat”ni belgiladi.