"Barselona"ning klasikodagi mag‘lubiyatidan ko‘p o‘tmay, klubga yaqin bo‘lgan insayder Jerar Romero "Xavi qolishi mumkin! Hammasi yozda tarkibni kuchaytirish kafolatlariga bog‘liq", deya yozib qoldirdi.
Nima uchun murabbiyning birdan fikri o‘zgardi?
Yangilikni o‘qigan hamma jilmayib qo‘ydi, biroq bir kundan keyin boshqa insayderlar ham qo‘shildi. Barcha manbalarda bir xil mazmundagi ma’lumotlar chiqa boshladi: bu hafta “Barsa” rahbariyat Xavi bilan uchrashuv tashkil qiladi va u yerda uning kelajagini hal qiladi.
Xavi o‘z loyihasi rivojlanayotganini ko‘rmoqda, lekin unga yangi o‘yinchilar kerak
Xavining yanvardagi bayonotidan so‘ng, "Barselona"da hammasi yaxshi ketayotgan edi: ular mag‘lubiyatsiz 13 uchrashuvdan iborat seriyani davom ettirdi va Chempionlar ligasining yarim finaliga chiqishga bir qadam qolgandi.
"Umid qilamanki, Xavi qoladi, chunki gap bir yoki ikki mavsum haqida emas, uzoq muddatli loyiha haqida ketmoqda", - dedi vise-prezident Rafa Yuste.
Murabbiy qarorini e’lon qilgach "Barsa" rahbarlari Xavini qolishga ko‘ndirmoqchi bo‘lishdi, lekin u omma oldida rad javobini berdi: "Asosiysi men emas, klub. Men eng muhim odam emasman".
Ajablanarlisi shundaki, o‘zgarishlar "Barselona" Chempionlar ligasidan chiqib ketganidan keyin va klasikoda "Real"ga yutqazgan yomon haftadan so‘ng sodir bo‘ldi.
Ishonchli insayderlar Ferran Martines va Rojer Torello birgalikda shunday xabar tarqatdi:
“Xavi o‘z loyihasining rivojlanishda davom etayotganini va yosh o‘yinchilar tezlik bilan o‘sayotganini ko‘rmoqda. Endi, murabbiy boshlagan ishini davom ettirishiga ishonadi va klub ichida qo‘llab-quvvatlashni his qiladi”.
Ammo, ikkala insayderning aniqlik kiritishicha, murabbiy ko‘proq tajribali o‘yinchilarni sotib olishni so‘raydi. Hatto nomzodlar ham aniq: "Dani Olmo va Bernardu Silva - Xaviga juda yoqadigan futbolchilar". Unga yangi tayanch yarim himoyachisi ham kerak.
Nufuzli jurnalist Aleks Pintanelning fikricha, sport direktorlari bosh murabbiyning yo‘l-yo‘rig‘iga ergashmaydi. Tarkibni kuchaytirish uchun pul yo‘q.
Xavi bilan yoki usiz, lekin jamoa tezroq pul topmoqchi
Rahbariyat Xavini saqlab qolmoqchi, ammo unga kerakli futbolchilarni sotib olishning iloji yo‘q. "Barselona" hali ham La Liganing moliyaviy feyr-pley cheklovlari ostida. Yangi o‘yinchilar uchun pul yo‘q, maosh limiti esa 204 million. "Barselona" esa 405 million sarflamoqda.
Kataloniya klubi Libero investisiya fondidan "Barsa Studios" aksiyalari sotuvi uchun hanuzgacha 40 million olmagan. Garchi bu mablag‘ byudjetga kiritilgan bo‘lsa-da, pul o‘z vaqtida yetib kelmasa, La Liga uni yangi mavsum rejalaridan olib qo‘yadi. Muddat yakuniga bir hafta qoldi
.
Laporta boshqa yechim topdi: Nike bilan yangi shartnoma 10 yilga har yili 100 million yevro + 120 million yevro bonus imzolanishi kutilmoqda. Bunday moliyaviy ineksiya klubga 1 ga 1 qoidasiga qaytish va har bir topgan yevroni sarflash, shuningdek, maosh limitini oshirish imkonini beradi.
Lekin futbolchilarni sotib olish uchun avval sotish kerak bo‘ladi. Frenki de Yong, Rafinya, Ansu Fati va hatto Ronald Arauxoning sotilishini inkor etib bo‘lmaydi.
Xavi va rahbarlar o‘rtasidagi yuzma-yuz uchrashuv barcha savollarga javob beradi. Klub muxlislari yangi mavsum uchun rejalarni hozirdanoq aniq qilishni istamoqda.