O‘zbekiston Ekologik partiyadan Prezidentlikka nomzod Abdushukur Xamzayevning saylovoldi dasturida “Yashil iqtisodiyot”ga o‘tishga ko‘maklashuvchi qator muhim tashabbuslar ilgari surilgan.
Partiya ekologik barqaror rivojlanishga yo‘naltirilgan “yashil” siyosatni hayotga tatbiq etish g‘oyasini amalga oshirishda quyidagi ilg‘or tajribalarni hayotga tadbiq etishni taklif etadi:
birinchidan, iqtisodiyotning barcha sohalarini “yashil” iqtisodiyot tamoyillari asosida rivojlantirishga yo‘naltirilgan siyosat yuritish;
ikkinchidan, “yashil” texnologiyalar sohasidagi ilmiy tadqiqotlar va innovasion loyihalarni moliyalashtirish hajmini oshirish, tadbirkorlik sub’ektlarini “yashil” texnologiyalarga o‘tishini iqtisodiy va moliyaviy rag‘batlantirish tizimini joriy etish;
uchinchidan, biznesni yashil texnologiyalarga yo‘naltirish, yangi texnologiyalarni joriy etish hamda atrof-muhitga zarar yetkazuvchi tashkilotlar uchun to‘lovlarni keskin oshirishni nazarda tutuvchi “Yashil soliqqa tortish” tizimini joriy etish;
to‘rtinchidan, mahsulotlarni yetishtirishda pestisidlardan foydalanishdan to‘liq voz kechishga yo‘naltirilgan “Yashil O‘zbekiston – 2030” dasturini ishlab chiqish;
beshinchidan, iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, mamlakatga yuqori malakali kadrlar va zamonaviy, ekologik toza texnologiyalar kirib kelishini kengaytirish, investisiyaviy jozibadorlikni oshirish maqsadida “Yashil viza” (“Green Visa”) dasturini joriy etish;
oltinchidan, tarmoqlar va hududlarning “yashil iqtisodiyotga o‘tish indeksi”ni ishlab chiqish;
ettinchidan, “yashil” energetika, “aqlli” qishloq xo‘jaligi tamoyillarini keng tatbiq etishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, sohaga energiya va resurs tejovchi texnologiyalarni keng tatbiq etish va bu orqali asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hosildorligini o‘rtacha 30-40 foizgacha oshirishni ta’minlash shular jumlasiddandir.
Shu o‘rinda Yashil iqtisodiyot qaysi jihatlari bilan foydalidir, degan tabiiy savol tug‘ilishi mumkin. Bunga javoban shuni aytish kerakki, yashil iqtisodiyot Barqaror rivojlanish maqsadlarining bir qismi bo‘lib, avvalombor tabiatni boricha asrab-avaylash, ekotuzilma va bio xilma-xillikni saqlab qolish bilan bir qatorda aholining daromadi va bandligini ta’minlashdan iborat. Shu bois, bu yo‘nalishdagi ishlar ko‘p vaqt va harajatlarni talab etadi.
Ta’kidlash joizki, partiya tomonidan mamlakatning energetika xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan tashabbuslari “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish yo‘lida alohida e’tiborga molik. Uni amalga oshirish uchun energetika sohasiga raqamli texnologiya va energiyadan foydalanishning muqobil usullariga o‘rg‘u berilmoqda. Aniqroq aytganda, iqtisodiyotning ko‘p resurs talab qiladigan – energetika, qurilish, qishloq xo‘jaligi, transport kommunikasiyasi tizimi va kommunal sohalarida energiya, resurs tejovchi va boshqa innovasion, ekologik hamda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish qo‘llab-quvvatlanasa, qayta tiklanuvchi va muqobil energiya ishlab chiqaruvchilarga iqtisodiy va moliyaviy rag‘batlantirish tizimi yanada kengaytirilishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, bu borada qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishga qaratilgan “Yashil energetika strategiyasi” ishlab chiqilishi “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida xizmat qiladi. Bu, o‘z navbatida, iqtisodiyot sub’ektlarida “yashil” qadriyatlarning singdirishiga zamin yaratiladi.
Partiya tomonidan ilgari surilayotgan aholining qulay atrof-muhitga ega bo‘lish konstitusiyaviy huquqini ta’minlashga qaratilgan tashabbuslari alohida e’tiborga molik. Ushbu yo‘nalishda avvalombor, ekologiya sohasida qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish va xalqaro hujjatlarni ratifikasiya qilish maqsadga muvofiq. Xususan, partiyaning Qonunchilik palatasida qonunchilik tashabbuslari sifatida ilgari surilgan Ekologiya kodeksi, Suv kodeksi, O‘rmon kodeksi loyihalarida ekologiya sohasidagi tarqoq qonunchilik hujjatlarini kodifikasiya qilish orqali tabiiy resurslardan oqilona foydalanish tartibi va talablari yagona sohaviy kodekslarda mujassam bo‘ladi.
Bundan tashqari “Xalqaro savdoda ayrim xavfli kimyoviy modda va pestisidlarga nisbatan oldindan asoslangan kelishuv tartib-taomili to‘g‘risida”gi Konvensiya, “Atrof muhitga ta’sirni transchegaraviy nuqtai nazardan baholash to‘g‘risida”gi Konvensiya, “Havoni uzoq masofalargacha transchegaraviy ifloslanishi to‘g‘risida”gi Konvensiyaga qo‘shilishga qaratilgan ishlari xalqaro huquq normalarini milliy qonunchilikka implementasiya qilish hamda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish imkoniyatlarini kengaytiradi.
O‘ylamanki, partiyaning “Yashil iqtisodiyot”ga o‘tishga ko‘maklashish g‘oyasi va uni amalga oshirish vazifa va mexanizmlari birinchi navbatda, iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish sohasida boshqaruvni takomillashtirishga, ikkinchidan, tabiiy resurslarni saqlash va ulardan oqilona foydalanishga, uchinchidan, «yashil» energiyadan foydalanishni ta’minlashga, to‘rtinchidan, «yashil» ish o‘rinlari yaratishga va iqlim barqarorligiga erishishga xizmat qiladi.
Saxipjamal Djoldasova,
ekspert, yuridik fandari doktori