Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Yarim-yalang‘och surat, "yigit"ga aylangan qiz, po‘pisalar: Toshkentda sevganiga ishongan qiz pushaymon bo‘ldi

Yarim-yalang‘och surat, "yigit"ga aylangan qiz, po‘pisalar: Toshkentda sevganiga ishongan qiz pushaymon bo‘ldi

2020 yil 14 oktyabr kuni haydovchilik guvohnomasi olish uchun o‘qiyotgan Maftuna Orifjonova (ism-shariflar o‘zgartirilgan) kech bo‘lsa-da, uyga qaytmadi.

Bundan onasi B. Adasheva xavotirga tush­di va qiziga qo‘ng‘iroq qildi. Am­mo qo‘ng‘irog‘i javobsiz qoldi. Oradan bir soatcha o‘tib, onaizor yana sim qoq­di.

Bunga javoban narigi tomondan qizil tugma bosildi. Birozdan so‘ng «SMS» xabar keldi: «Aya­jon kechiring, men sizga noloyiq far­zand­man. Men uyga borolmayman, tovlamachilarning qo‘liga tushib qoldim. Ishonchingizni oqlay olmadim. Meni qidirmanglar».

Bu xabarni o‘qib, B. Adashevaning hushi boshidan uchdi, qo‘r­quvga tushib qol­di.

Ammo ona tezda o‘zi­ni qo‘lga olib, qiziga xa­­bar yubordi. «Bolam, uy­­ga qayt. Sen­­dan kim ni­ma talab qi­layotgan bo‘l­sa, beramiz. Faqat beboshlik qilib qo‘y­ma!».

Shundan so‘ng tunda M. Orifjonova uyiga keldi va uvvos solib yig‘lagancha ro‘y bergan voqeani gapirib berdi.

Uning so‘zlariga qaraganda, 2019 yil noyabr oyining oxirlarida u «Instagram» ijtimoiy tarmog‘i orqa­li Yashnobod tumanida yashovchi Iskandar Homidov bilan tanishib qoladi. Oradan ko‘p o‘tmay yoshlar bir-biriga bog‘lanib qolishadi.

— Senga uylanaman, yaqinda sovchi yuboraman, — deya Iskandar quyuq va’da beradi.

Soddadil qiz uning so‘zlariga shub­ha qilmaydi. Shunday kunlarning birida I. Homidov avtohalokatga uchrab, uyida yotganini aytib, M. Orifjonovani xonadoniga chaqiradi. Maftuna bu noxush xabarni eshitib, xavotirga­ tushadi va darhol yigitning uyiga yetib boradi. Avvaliga Iskandar uni sami­miy kutib oladi. Birozdan so‘ng yigitning asl mud­dao­si ma’lum bo‘­ladi.

— Baribir senga uylanaman, o‘zing­ni olib qochma, — deydi Iskandar.

Biron-bir yomonlikni xayoliga keltirmagan Maftuna yigitning so‘zlaridan sarxush bo‘lgancha yettinchi osmonda uchib yurardi.

Ayni shu lahzalarda Iskandarning g‘arazli maqsadi ayon bo‘ladi: u qiz­ni­ yarim yalang‘och holatda yashirincha videotasvir va suratga oladi. Keyin­ esa, ana shu videotasvir va suratlarni qizga ko‘rsatib, tovlamachilik yo‘­liga o‘tadi.

— Menga pul kerak. Agar bermasang, video va rasmlaringni ota-onangga ko‘rsataman. Qolaversa, tar­qatib ham yuboraman, — deya u dag‘dag‘a qiladi.

Buni eshitib, Maftuna qattiq qo‘r­quvga tushib qoladi. Ayniqsa, u ota-onasi oldida sharmanda bo‘lishini o‘y­lab, ko‘z oldi qorong‘i tortib keta­di va Iskandarning talabiga darrov rozilik bildiradi. Oqibatda I. Ho­midov Mir­zo Ulug‘bek tumanidagi «Navro‘z» dehqon bozori yonida narxi 3 500 000 so‘mlik ik­ki dona tilla taqinchoqni tovlamachilik bilan qo‘lga kiritadi.

Biroq bu bilan uning nafsi qonmaydi. Aksincha, ha­ligi videotasvir va suratlarni Bo‘­ka tumanida joylashgan manzil koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan tanishi Adiz Saminjonovga ham telefon orqa­li yuboradi. Buni qarangki, o‘sha payt­da so­dir etgan jinoyati uchun jazo muddatini o‘tayotgan A. Saminjonov mo‘may pulning daragini eshitib shoshib qo­ladi. Natijada Adiz Iskandar bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, 2020 yil sentyabr oyiga qadar M. Orifjonovadan tovlamachilik yo‘li bilan 10 000 AQSh dollari miqdorida mablag‘ undirishadi. Lekin…

Lekin hammasi shu bilan yakun topmadi. Maftunaning boshida yana bir g‘avg‘o bor ekan. Gap shundaki, 2020 yil iyul oyida u «Telegram» ij­timoiy tarmog‘i orqali yana bir yigit bilan tanishib qoladi. Yigit o‘zi­ni Shohruh deb tanishtiradi. Aslida yangi tanishi o‘g‘il bola emas, balki Olmazor tumanining Qoraqamish dahasida istiqomat qiluvchi Umriniso Akbarxo‘jayeva edi.

Qisqasi, shundan so‘ng suhbatlar asnosida «Shohruh» Maftunadan ilgari Iskandar ismli yigit bilan uchrashib, gaplashib yurganini bilib oladi.

Qolaversa, soddadil qiz unga I. Homidovning g‘alamisligi — tovlamachiligi haqida ham gapirib beradi. Ammo avvaldan tanimagan-bilmagan, hatto o‘zini ko‘r­magan kimsaga boshidan kechirganlarini so‘zlab bergani M. Orifjonovaning oyo­g‘iga navbatdagi tushov bo‘l­di. Qarabsizki, tovlamachilik «bayrog‘i»ni endi Umriniso qo‘­liga oladi.

— Men bularning barini ota-onangizga yetkazaman. Balki aytmasligim, sir sirligicha qolishi ham mumkin. Buyog‘i o‘zingizga bog‘liq, — deya u qizdan pul talab qiladi.

Shundan so‘ng Umriniso Mirzo Ulug‘bek tumanining Ahmad Yugnakiy mavzesida «Shohruh»ning singlisi si­fa­ti­da Maftunaga uchrashib, dast­lab 300 AQSh dollari, so‘ngra 400 AQSh dollarini qo‘lga kiritadi. Biroq u bu bilan qanoatlanmaydi. Binobarin, tanishi Nurmat Raupovni ham tovlamachilikka sherik qiladi. Ya’ni N. Raupov yuqoridagi manzilda «Shohruh» sifa­ti­da uchrashib, Maftunadan yana 600 AQSh dollari oladi.

So‘ng yana, yana va yana. Xullas, hamtovoqlar 2020 yil oktyabr oyiga qadar nochor ah­voldagi qizdan jami 5 000 AQSh dol­lari undirishadi. Lekin 2020 yil 19 oktyabr kuni bu tovlamachilikka chek qo‘yildi.

Gap shundaki, M. Orifjonova hammasini aytib bergach, otasi Ma’­ruf­­jon Adashev va onasi Burobiya Adasheva Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasiga ariza bilan murojaat qi­lishdi. Natijada ushbu ho­lat yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazildi: o‘sha kuni soat 14:30 larda U. Akbarxo‘jayeva va N. Raupov galdagi 300 AQSh dollarini olayotgan paytda ushlandi.

Albatta, tovlamachilarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Jinoyat ish­lari bo‘­yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudi U. Akbarxo‘jayeva va N. Rau­povni Ji­noyat­ kodeksining 165-moddasi 2-qismi «v» bandi, I. Ho­midov hamda A. Saminjonovni shu moddaning 2-qismi “b”, “v” bandlari bilan aybdor deb topib, ozodlikdan mahrum qilish jazosiga mahkum etdi. Shu bois I. Homidov, A. Saminjonov va N. Raupovlar sud zalidan qamoqqa olindi.

Shuningdek, U. Akbarxo‘jayevaga Jinoyat­ kodeksining 72-moddasi doirasida 2 yil sinov muddati belgilandi. Qo­laversa, sud hukmida M. Orifjonova foydasiga U. Akbarxo‘jayeva va N. Raupovdan 36 074 960 so‘m, I. Homidov va A. Saminjonovdan esa, 86 600 021 so‘m moddiy zararni undirish ham belgilandi.

Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring: xo‘sh, tovlamachilar jabrlanuvchidan shuncha pul undirib nimaga erishdi?

Albatta, hech narsaga. Topgani jinoiy jazo, peshonasiga bosilgan sudlanganlik tamg‘asi bo‘ldi, xolos. Umid qilamizki, tovlamachilarning ayanchli qismati boshqalarga ham sa­boq bo‘lsa, ajab emas.

Kiritildi: 17:34 03.12.2021. O'qildi: 18054 marta. Fikrlar soni: 12 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!