Yaponiya sudi 88 yoshli Ivao Xakamatani oqladi. U 1968 yilda to‘rt kishilik oilani o‘ldirishda ayblanib, o‘lim jazosiga hukm qilingandi. Uning himoyachilari o‘n yillar davomida apellyasiya shikoyatlarini kiritib keldi, deb yozadi Kyodo.
2014 yilgacha Xakamata o‘lim jazosiga mahkumlar kamerasida saqlangan, shundan so‘ng ozod etilgan va qayta sud jarayoni boshlangan. Sud uning aybini tasdiqlovchi dalillar soxtalashtirilganini aniqladi.
Ivao Xakamata – sobiq professional bokschi. Sport karyerasini tugatgandan so‘ng, u miso (an’anaviy yapon ziravori) ishlab chiqarish fabrikasiga ishga kirgan. 1966 yil 30 iyunda uning boshliqlaridan birining uyida yong‘in sodir bo‘ldi. Xakamata o‘tni o‘chirishda yordamlashgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘shanda u boshlig‘i, uning rafiqasi va ikki farzandining pichoqlangan jasadlarini topgan. Shuningdek, kimdir uydan taxminan 200 ming iyena o‘g‘irlagan.
Erkak hibsga olinib, qotillikda ayblandi. 20 kunlik so‘roq-savol davomida u aybini tan oldi, ammo sud bunga qiynoqlar sabab bo‘lganini ma’lum qildi. Hibsga olinganidan bir yil o‘tgach, fabrikadagi miso saqlanadigan idishlarning birida qon izlari bo‘lgan kiyim topilgan. Izlar qurbonlarning qon guruhlari bilan mos kelgan.
Sud erkakni o‘lim jazosiga hukm qildi, 1980 yilda Yaponiya Oliy sudi bu hukmni tasdiqladi. Shundan so‘ng Xakamataning himoyachilari 2014 yilgacha apellyasiya shikoyatlari berib kelishgan. 2011 yilda Ivao Xakamata o‘lim jazosini eng uzoq kutgan inson sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi.
2014 yil mart oyida okrug sudi ishni qayta ko‘rib chiqishni boshlagach, Ivao Xakamata ozodlikka chiqarildi. Keyinchalik o‘tkazilgan ekspertiza natijasida topilgan qonga belangan kiyimda Xakamataning DNKsi yo‘qligi aniqlandi. 2024 yil may oyida bo‘lib o‘tgan so‘nggi sud majlisida prokurorlar hamon o‘lim jazosini talab qilishda davom etdi. Biroq sud Xakamataning qotillikka iqror bo‘lishi kabi ayblovchi dalillarni ham soxtalashtirilgan deb topdi.