Sog‘liqni saqlash vazirligida vazir A.Xudayarov va Yaponiyaning yurtimizdagi yangi tayinlangan elchisi K.Xirata o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilishicha, Yaponiya hukumati bilan grant dasturi doirasida mammografiya apparatlarini yetkazib berish loyihasi ustida ishlanmoqda.
Mazkur loyiha 2025 — 2026 yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, 5,7 million AQSh dollari qiymatidagi eng zamonaviy yapon tibbiy uskunalarini yetkazib berish vazifalarini o‘z ichiga oladi. Muhimi, u grant yordami orqali ro‘yobga chiqariladi.
Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad — O‘zbekistonda ayollarni ko‘krak bezi saratonini erta aniqlashga qaratilgan skrining dasturlari bilan to‘liq qamrab olishdan iborat.
Mammografiya uskunalari butun mamlakatimiz bo‘ylab tuman tibbiyot birlashmalariga taqdim etiladi. Mazkur tashabbus Prezidentimizning 2024 yil 21 fevraldagi tegishli Farmoni bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston 2030» strategiyasiga muvofiq amalga oshirilmoqda.
Muloqot davomida Yaponiya hukumatining grant dasturi doirasida mammografiya apparatlarini yetkazib berish bo‘yicha memorandum imzolandi.