Bugun 5 may, 2025 yil, dushanba

КИР

Yaponiya davlatiga ishga yuborish bilan bog‘liq noqonuniy holatlar aniqlandi

Yaponiya davlatiga ishga yuborish bilan bog‘liq noqonuniy holatlar aniqlandi

Bugungi kunda Janubiy Koreya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Turkiya kabi rivojlangan davlatlarga borib, yuqori daromadli ishlarda mehnat qilayotgan fuqarolarimiz soni tobora ortib bormoqda.

Bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirish, mehnat migrasiyasi tizimini isloh qilish maqsadida, 2024 yilning 17 oktyabrida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Migrasiya agentligi tashkil etildi va yagona migrasiya siyosatini olib boruvchi davlat tashkiloti sifatida belgilanib, unga fuqarolarni xorijga xavfsiz, tartibli va tashkiliy tarzda ishga yuborish hamda ularning chet elda bo‘lgan davrlarida qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularga huquqiy, ijtimoiy va moddiy yordamlar ko‘rsatish bo‘yicha alohida vazifalar yuklatildi.

Hozirda xorijda ishlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga Migrasiya agentligi hamda tegishli lisenziyaga ega 18 ta xususiy bandlik agentliklari xizmat ko‘rsatmoqda.
Lekin, shunga qaramasdan, fuqarolarni xorijga ishlash uchun oson va tez yuboramiz deya ishonchiga kirib, ularning pul mablag‘larini o‘zlashtirmoqchi bo‘layotgan qo‘shtirnoq ichidagi ishbilarmonlar ham ko‘payib bormoqda.

Jumladan, Andijon shahrida yashovchi, 1990 y.t. shaxs fuqarolarni Yaponiya davlatiga ishga yuborish bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon tarqatib, ko‘pchilikning ishonchiga kiradi.
Ammo, u Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqaroni amaldagi tartib-qoidalarni chetlab o‘tgan holda, Yaponiya davlatiga ishlash uchun yuborish evaziga 7400 AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Boshqa holatda esa Andijon viloyatining Oltinkul tumanida yashovchi, 1995 y.t. shaxs va uning Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi, 1995 y.t. tanishi o‘zaro til biriktirib, poytaxtlik fuqaroning ishonchiga kirishadi.

Ular mansabdor tanishlari orqali fuqaroni Yaponiya davlatiga ishga yuborish evaziga 2500 AQSh dollari talab qilishadi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ulardan biri – ya’ni, Toshkent shahrida yashovchi, 1995 y.t. shaxs so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Fuqarolarimizdan Migrasiya agentligi hamda tegishli lisenziyaga ega 18 ta xususiy bandlik agentliklaridan tashqari, har qanday shaxslar yoki tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan chet elga ishga yuborish bo‘yicha bildiriladigan asossiz takliflarga aldanib qolmasliklarini so‘rab qolamiz.

Xorijiy davlatlarga qonuniy tartibda ishlash uchun bormoqchi bo‘lgan vatandoshlarimiz “xorijdaish.uz” elektron platformasidan zarur ma’lumotlarni olishlari mumkin.
Bundan tashqari, Migrasiya agentligining 1282 yoki 71-200-00-61 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishlari, shuningdek, uning hududiy filiallariga tashrif buyurib mutaxassislardan bepul maslahatlar olishlari mumkin.

Chet elda yordamga muhtoj bo‘lib qolgan fuqarolarimiz esa 17 ta davlat hududidan xalqaro chiqish kodlari orqali 1282 qisqa raqamiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bepul qo‘ng‘iroq qilib, amaliy yordam olishlari mumkin.

Kiritildi: 09:48 28.02.2025. O'qildi: 1645 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!