Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan tizimni raqamlashtirish, ijtimoiy xizmatlar turi va sifatini oshirish borasida bir qator ishlar tashkil qilinmoqda.
Shavkat Mirziyoyevning 2024 yil 18 iyuldagi tegishli qaroriga muvofiq joriy etilgan “Ijtimoiy karta” axborot tizimi ham ayni yo‘nalishdagi muhim yangilik hisoblanadi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida tajriba tariqasida 2024 yil 1 dekabrdan ijtimoiy yordam oluvchi fuqarolar uchun “Ijtimoiy karta” joriy etish belgilangan edi.
“Ijtimoiy karta” bir vaqtning o‘zida ham to‘lov vositasi, ham ehtiyojmand toifaga mansublik tasdig‘i hisoblanadi. Natijada 72 turdagi ijtimoiy xizmatlar, 76 turdagi yordam va 200 ga yaqin imtiyoz yagona elektron tizimga umumlashtiriladi.
Ayni vaqtda Yangiyo‘l tumanida fuqarolar “Ijtimoiy karta”dan foydalanmoqda. Respublikaning qolgan barcha hududlarida ham shu yilning 1 iyulidan boshlab, mazkur loyiha tatbiq qilinishi rejalashtirilgan.
Ijtimoiy kartani berish va undan foydalanish uchun arizalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, “Ijtimoiy karta” mobil ilovasi, “Inson” ijtimoiy xizmat markazlari orqali topshirishi mumkin.