Bugun 24 aprel, 2024 yil, chorshanba

КИР

"Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz!" (FOTOGALEREYa)

"Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz!" (FOTOGALEREYa)

O‘zbekiston muhim siyosiy jarayon — Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar saylovi arafasida turibdi. O‘tgan haftadan e’tiboran mamlakatimizda sog‘lom raqobat, xalqchil g‘oyalar kurashi boshlandi. Ta’kidlash kerakki, saylovlar mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, yaqin va olis istiqbol uchun belgilab olingan strategik vazifalarni amalga oshirishda ulkan ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi ham saylovoldi jarayonlarida yangicha g‘oya, yangicha qarashlar bilan faol ishtirok etmoqda.

“Davlat ham, islohotlar ham, avvalo, insonga xizmat qilishi kerak”. O‘zLiDeP ayni kunlarada ana shu g‘oya bilan o‘rtaga chiqmoqda. Inson manfaati, uning huquq va erkinliklari, eng avvalo, erkinlik sharoitida ro‘yobga chiqadi. Erkinlik, erkin rivojlanish insonning salohiyati, iqtidorini ro‘yobga chiqarishining bosh asosidir. Bugun yurtimizda bu jarayonlarning lokomotivi sifatida o‘rtaga chiqqan qatlam — tadbirkorlardir. Mamlakatimiz rahbari xalqimizni bugun yaxshi yashashiga erishishini vazifa qilib qo‘yar ekan, uni tadbirkorlik rivoji bilan bog‘layotganlari bejiz emas, zero, qachonki, tadbirkor boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi.

 Shu nuqtai nazardan kelib chiqqan holda partiya xalq bilan birga bo‘lish, xalq dardini eshitish va muammolarni birgalikda hal etish, ularning muammosini o‘zining muammosi deb bilib yangicha formatda targ‘ibot aksiyalarini boshlab yubordi.

Bugun, 26 sentyabr kuni O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi tomonidan poytaxtimizdagi “Xalqlar do‘stligi” saroyi oldidagi maydonda “Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz!” shiori ostida yangi shakldagi targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad – turli aksiyalar va taniqli san’atkorlarni jalb qilgan holda O‘zLiDeP g‘oya va maqsadlarini aholi ongiga singdirish, aholining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishdan iborat bo‘ldi.  

Tadbirni O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi A.Xaitov kirish so‘zi bilan ochib, joriy  yilgi saylovlar butunlay yangicha muhitda, yangicha huquqiy sharoitda o‘tishini aytib, bu siyosiy jarayonga O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi ham jiddiy tayyorgarlik ko‘rayotganini ta’kidladi. Partiyaning yangi Saylovoldi dasturida belgilanayotgan asosiy g‘oya va vazifalar haqida ishtirokchilarga qisqacha ma’lumot berdi.

“Bo‘lajak saylovlar mamlakatimiz tarixida ilk bor Saylov kodeksi asosida o‘tkaziladi. Bu esa saylovning qonuniylik, shaffoflik, ochiqlik sharoitida o‘tishining yana bir yorqin ifodasidir. Shu bois saylovlar oldidan partiyamizning saylovoldi dasturi, siyosiy platformasini ishlab chiqdik, yangi-yangi g‘oyalarni o‘rtaga tashladik. Bu galgi saylovda partiyamiz “Davlat ham, islohotlar ham avvalo insonga xizmat qilish kerak”, degan g‘oya bilan o‘rtaga chiqayapti. Dasturni esa kabinetda o‘tirib emas, partiya faollari, oddiy odamlar bilan bamaslahat yozishga e’tibor qaratdik. Endi qaysi partiyaning dasturi xalqqa manzur bo‘lsa, o‘sha partiyaning qo‘li baland kelishi muqarrar”, – deydi A.Xaitov.

 “Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz!” shiori ostidagi targ‘ibot tadbiri har qanday rasmiyatchilikdan holi tarzda ochiq maydonda o‘tkazildi. Zero, partiya saylovoldi targ‘ibot tadbirlarini zerikarli, bir tomonlama ma’ruza shaklida tashkil etish amaliyotidan voz kechib, erkin muloqot tarzida o‘tkazilmoqda.

Targ‘ibot tadbirida millatimiz faxri va g‘ururi, O‘zLiDeP faollari, taniqli tadbirkor Murod Nazarov, boks bo‘yicha jahon chempioni Shaxram G‘iyosovlar so‘zga chiqib, O‘zLiDePni amaliy ishlar partiyasi ekanini e’tirof etdi.

Mashhur estrada xonandalarining chiqishlari esa ishtirokchilarga ko‘tarinki va bayramona kayfiyat ulashdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi bu kabi yangicha targ‘ibot tadbirlarini nafaqat poytaxtimizda, balki mamlakatimizning barcha hududlarida ham o‘tkazadi.

Salohiddin ISOMIDDINOV, O‘zLiDeP matbuot xizmati mas’ul xodimi

Kiritildi: 13:08 27.09.2019. O'qildi: 6168 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!