Bugun 24 sentyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

Yangi turistik ob’ektlar va yo‘nalishlar O‘zbekistonda turizm imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda

A A A
Yangi turistik ob’ektlar va yo‘nalishlar O‘zbekistonda turizm imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda

21 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasida mamlakat hududlarida yangi barpo etilgan va istiqbolli turizm ob’ektlarini keng targ‘ib qilish, ularni amaldagi turistik mahsulotlarga integrasiya qilish hamda yangi yo‘nalishlarni shakllantirishga bag‘ishlangan taqdimot tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida turizm sohasi vakillari va turoperatorlar zamonaviy turistik maskanlar, infratuzilma ob’ektlari hamda ichki va xorijiy sayyohlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadigan xizmatlar bilan tanishdilar. Jumladan, “Sky Dive Sirdaryo” turizm ob’ekti, “Hisorak Meraki Resort” suv ombori, “Pangat” turizm qishlog‘i, “Burhoniddin Marg‘inoniy – Vodiy gavhari” majmuasi, Samarqanddagi “Maroqand” teatri, “Uzbekistan Convention Bureau”, “Kosa Garden” agroturizm ob’ekti va boshqa istiqbolli turizm ob’ektlarining taqdimotlari o‘tkazildi.

Taqdimotlarda ekoturizm va agroturizm yo‘nalishlari, hunarmandchilik va milliy meros ob’ektlari, zamonaviy dam olish maskanlari hamda boshqa istiqbolli turistik lokasiyalar namoyish etildi. Ayniqsa, yangi ob’ektlarni turistik dastur va yo‘nalishlarga kiritish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Bunda Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi an’anaviy turistik markazlarni hududlardagi yangi manzillar bilan bog‘lovchi yo‘nalishlarni shakllantirish masalasi muhim o‘rin tutadi. Bunday yondashuv tarixiy-madaniy ob’ektlarga tashriflarni hududlarning tabiiy salohiyati, mahalliy hunarmandchilik an’analari, etnografik merosi va zamonaviy turistik xizmatlari bilan tanishish imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi.

Yangi ob’ektlarni mavjud turistik yo‘nalishlarga integrasiya qilish O‘zbekistonning turistik takliflarini yanada diversifikasiya qilishning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda. Yangi maskanlarni tizimli ravishda targ‘ib qilish sayohatlar geografiyasini kengaytirish, hududlardagi turizm infratuzilmasidan samarali foydalanish hamda turistik salohiyati yuqori bo‘lgan yangi yo‘nalishlarni ichki va xalqaro bozorlarga olib chiqishga xizmat qiladi.

O‘tkazilgan taqdimot mamlakat bo‘ylab yangi turistik mahsulotlarni shakllantirish, yo‘nalishlar va sayohat imkoniyatlari ko‘lamini kengaytirish borasidagi navbatdagi amaliy qadam bo‘ldi.

Kiritildi: 18:43 23.09.2026. O'qildi: 391 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!