Qurilish va uy-joy xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov “Yangi Toshkent” loyihasi doirasida bir nechta vazirliklarning yangi hududga ko‘chirilishini ma’lum qildi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Energetika vazirligi binosi allaqachon ko‘chirilgan, yaqin kunlarda esa Transport, Qurilish va Ekologiya vazirliklari ham yangi hududga o‘tkaziladi. Ayni paytda u yerda vaqtinchalik binolar qurilmoqda, doimiy binolar qurib bitkazilgach, vazirliklar ularga ko‘chadi. Eski binolar esa sotuvga qo‘yiladi, tushgan mablag‘ yangi binolar qurilishiga yo‘naltiriladi.
Hidoyatov shuningdek, vazirlik xodimlarining yangi joyga qatnovi uchun maxsus transport yo‘nalishlari tashkil etilishini ta’kidladi.
Davlat idoralari ham bosqichma-bosqich “Yangi Toshkent”ga ko‘chiriladi, ularning hozirgi binolari esa mehmonxona va biznes markazlariga aylantirilishi ko‘zda tutilgan.