O‘qituvchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida boshlang‘ich sinf fanlari bo‘yicha “Boshlang‘ich sinflarda o‘qitishning zamonaviy metodikasi” mavzusidagi malaka oshirish kursi “Uzluksiz kasbiy ta’lim” elektron platformasida tashkil etildi.
Endi “Maqsadli kurslar” sahifasi orqali ilg‘or tajribalar asosida yaratilgan darsliklarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha tayyorlangan videodarslar va taqdimot materiallari bilan tanishish va yuklab olish mumkin. Yakunda ushbu kursni o‘qiganlik haqida sertifikat taqdim etiladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti hamkorligida “Boshlang‘ich sinflarda o‘qitishning zamonaviy metodikasi” mavzusida malaka oshirish kurslari tashkil qilingani haqida xabar berilgan edi.
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun mo‘ljallangan o‘quv kursining birinchi bosqichi joriy yilning 14-17 avgust kunlari Toshkent shahrida tashkil etilgan bo‘lib, ushbu kurslarda 304 nafar pedagog trener sifatida tayyorlandi. Ikkinchi bosqich Pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazlarida davom ettirildi va bunga 10 mingdan ziyod boshlang‘ich ta’lim metodik birlashma rahbarlari jalb etildi.